Iqtisodiyot
OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashtirishni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 300 mln dollar kredit ajratadi. Tasdiqlangan mablag‘ning 100 mln dollari imtiyozli shartlarda beriladi.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 300 mln dollar kredit ajratadi.
Tasdiqlangan kreditning 100 mln dollari imtiyozli shartlarda beriladi. Pul mablag‘lari kichik va o‘rta korxonalar, xususan, ayollar tomonidan boshqariladigan korxonalar uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatning mikromoliyalash sektorini mustahkamlash uchun yo‘naltiriladi.
Rejalashtirilgan chora-tadbirlar orasida mikrokreditlarning maksimal miqdorini oshirish, mikromoliyalash sohasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirish, Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilish, shuningdek, islomiy mikromoliyalash uchun normativ bazani ishlab chiqish kabilar bor.
Ushbu qadamlar aholining zaif qatlamlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va sohaning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
«OTB O‘zbekistonning inklyuziv va bozorga yo‘naltirilgan moliya tizimiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi. Dasturning amalga oshirilishi o‘zini o‘zi band qilganlar va mikrotadbirkorlar uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini ochadi, gender tengligini rag‘batlantirishga yordam beradi va moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi», — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
Ma’lumot uchun, 1995 yilda O‘zbekiston OTBga a’zo bo‘lgan va shundan beri bank mamlakatga umumiy qiymati 14,6 milliard dollarga teng bo‘lgan qarzlar, grantlar va davlat sektoriga texnik yordam ko‘rsatgan.