Jamiyat

«Otaxon»ning bayram tabrigi («jiddiya»)

Published

on


Zamonaviy texnologiyani eplasang – maza, eplolmasang – bemaza bo‘lib qolar ekan…

Xorijda safarda yurgan kezlarim bir muborak bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, deng.
Birinchi tabrigim, albatta farzandlarimga bo‘ldi. Besh qizim va ikki o‘g‘limga mehr bilan dil so‘zlarimni yozib, tagiga ismi sharifimdan oldin «Otalaring… » deb yozib qo‘yish ma’qul ko‘rindi.

Undan keyin mobil telefon imkoniyatlaridan «samarali» foydalanishga kirishdim. Farzandlarimga yo‘llagan tabrigim matni ustiga barmog‘imni tekkizsam, «kopirovat» (rus. nusxa olish, -tahr.) degan iltifotli so‘z chiqdi. Jon-jon deb nusxa oldimu eng ulug‘ ustozlarimdan biri telegramiga joyladim. «Aziz o‘g‘lonim» degan satrimni  «Aziz ustozim» deb tahrir qildim-da, ulug‘ siymo ismini yozdim.

Qolgan dil so‘zlarim ham mehr bilan tahrir qilindi, boyitildi! Ismlari ortidan akajonim, ayol bo‘lsa, opajonim yoki singiljonim, deb murojaat qilaverdim. Biror imloviy yo uslubiy xato ketmayaptimikin, degan o‘yda tabrik xatimni qayta-qayta o‘qidim, hammasi joyida!

Shu tariqa o‘zim uchun aziz siymolarga tabriklar jo‘nataverdim. Xudoga shukr, ko‘p aziz Ustozlardan saboq olib, mehr ko‘rganman!

Tabrik xatimdan nusxa olgach, faqat ismini o‘zgartirib, navbatdagi Ustozlarimga yuboraverdim.

Hatto, ishxonamdagi rahbarlarimga, o‘rinbosarlariga ham «ustozim» deya lutf aylab, tabrik yo‘llayverdim.

Ellikdan ortiq «Ustoz»larning ko‘nglini ovlagach, yuz ellikdan ortiq qadrdon do‘stlarim, sobiq sinfdoshlar-u kursdoshlarimga ham matni bir xil (faqat ismi o‘zgargan) tabrik xatini mehr bilan yubordim.

Bu orada o‘zimga to‘rt yuzdan ortiq shogirdlarimdan tabrik xati kelsa, deng!

Tabrik xati matnini shogirdlarga moslab ozroq tahrir qilib, yana o‘sha-o‘sha ismini o‘zgartirib, qolgan matni bir xil javob tabrigini yo‘llayverdim.

Bir mahal o‘ta ziyrak va hushyor do‘stim Sharofiddin hoji aka qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

«Bugungi kunda birovga otangman yo bolangman, deb gapirish, ayniqsa, yozish qaltisroq bo‘lib qolganini yaxshi bilasiz, – dedi hoji akam tagdor gapini uzoqroqdan boshlab. – Menga yuborgan tabrigingizda o‘zingizni «otalaring» deb yozganingizni to‘g‘ri tushundim. Menimcha, bolalaringizga yozgan tabrigingizdan nusxa olib, ismni o‘zgartirib qo‘ya qolibsiz. Ishqilib, boshqalarga ham shunaqa «tabrik» jo‘natvormadingizmi?..»

Bu gapdan esxonam chiqib ketdi. Xah, shoirxayollik qursin-a…

Shosha-pisha o‘sha yuborgan tabriklarni qayta ochib ko‘ra boshladim. Voy-dod! Hammaga bir xilda tabrik adog‘ida «otalaring…» falonchi degan gap ketib qolibdi-ku!

Zudlik bilan tabrik xatlaridan «otalaring» so‘zini o‘chirib tashlashga kirishdim.

Ibi, bu qanaqasi bo‘ldi? Qaysi Ustozimga yuborgan tabrik xatini tuzatib, qayta yuboray, desam, qandaydir bir qizil undov belgisiga o‘xshash tayoqcha (!) rasmi YPX tayog‘idek chiqib: «To‘xta! Sen endi bu telegramga kira olmaysan! Sening yo‘ling batamom qulflandi…» degandek qotib turaveradi…

Tabrik xatlaridagi «otalaring» so‘zini o‘chirishning imkoni bo‘lmadi…

Asabiy holatda boshimni changallab, asta yonboshladim. Ko‘zim ilinib, ko‘rganlarim tushga aylandi. Yuzlab son-sanoqsiz qizg‘ish undov belgilari boshim atrofida gir-gir aylanarmish.
Uzoqlardan dag‘-dag‘ali tovushlar eshitilarmish:
«Hey, o‘rgildim, sendaqa otadan…»

Dahshatli hayqiriqdan cho‘chib uyg‘ondimu, baribir o‘zimga kelolmadim…

Hoji aka aytganidek, hozir birovga «otangman» deyish naqadar xatarli, «bolangman» deyish undan ham ayanchli bo‘lib qolgan-da…

To‘lqin EShBEK
2026 yil



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version