Jamiyat
O‘rta Chirchiqda xonadonda chiqqan yong‘inda 4 kishi halok bo‘ldi
Hodisa 16 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 29 yoshli erkak va uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi vafot etgan. Marhumning turmush o‘rtog‘i va onasi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani O‘rta ovul mahallasidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in 15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. 1996 yilda tug‘ilgan Z.M. va uning 3 nafar farzandi hodisa oqibatida vafot etgan. Shuningdek, erkakning onasi va turmush o‘rtog‘i shifoxonaga yotqizilgan.
Qo‘shnilarning Ishonch.uz saytiga aytishicha, voqea sodir bo‘lgan paytda erkak yaqinlarini qutqarishga uringan. U ayoli va onasini derazadan tashqari chiqarib yuborishga ulgurgan, ammo bolalarini qutqarishga harakat qilgan paytda o‘zi ham halok bo‘lgan.
“Tunda qattiq ovoz bo‘ldi. Hamma uydan chiqib ketdi. Qo‘rqib ketdik”, degan qo‘shnilardan biri.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.