Jamiyat
Orol dengizining qurigan tubida ilmiy-tadqiqot stansiyasi ish boshladi
Stansiyada Orol dengizining qurigan tubida yuzaga kelayotgan dolzarb ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Mo‘ynoq tuman markazidan 65 km uzoqlikdagi hududda maxsus ilmiy-tadqiqot stansiyasi barpo etildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Stansiyada Orol dengizining qurigan tubida yuzaga kelayotgan dolzarb ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Loyihalar doirasida hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos o‘simliklarni yetishtirish, ularni parvarishlash va kasallik hamda zararkunandalardan himoyalash, sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini tiklash, tuz va qum migratsiyasi yo‘nalishlarini o‘rganish, biologik, meteorologik va geologik tadqiqotlar o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
Ilmiy-tadqiqot stansiyasida 24 ta konteyner o‘rnatilgan bo‘lib, hudud toza ichimlik suvi, elektr ta’minoti, internet aloqasi hamda doimiy video kuzatuv tizimi bilan to‘liq ta’minlangan.
Bu yerda bir vaqtning o‘zida 150 nafar olim va mutaxassislar istiqomat qilib, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin.