Jamiyat
O‘rikzor bozoridagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in chiqdi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan O‘rikzor bozoridagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar xizmati yong‘in qisqa vaqt ichida o‘chirilganini, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 4 iyul kuni soat 04:26 da Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan O‘rikzor bozoridagi do‘konda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng qutqaruv bo‘linmalari soat 04:35 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 04:48 da qurshab olingan va soat 05:01 da to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida oziq-ovqat do‘konining 150 kvadrat metr maydoni yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.