Jamiyat
Original dorilarni mahalliylashtirish va insonparvarlik yordami bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Original dorilarni mahalliylashtirish va insonparvarlik yordami bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.
Yurtimizda farmatsevtika sohasini tubdan o‘zgartiruvchi va aholimizni sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlashga qaratilgan muhim Prezident Farmoni qabul qilindi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar oddiy fuqarolar hayotida qanday aks etadi?
Eng muhim yangiliklar:
Original dorilar arzonlashadi: Xorijning original dorilari patent muddati tugashi bilan o‘zimizda ishlab chiqariladi. Buning uchun tadbirkorlarga davlat tomonidan 100 ming dollargacha subsidiya ajratiladi. Natijada, dorixonalarimizda sifatli va hamyonbop mahalliy mahsulotlar ko‘payadi.
Dorilarni yo‘q qilish o‘rniga — muhtojlarga xayriya: Shu paytgacha tadbirkorlar yaroqlilik muddati tugab borayotgan dorilarni bepul tarqatishdan ko‘ra, yo‘q qilishni afzal ko‘rardi (chunki xayriya qilinsa, soliq to‘lanardi). Endilikda yaroqliligiga 6 oy qolgan dorilarni tibbiyot muassasalariga bepul bergan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi.
Maktabdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetning 2-kursiga: Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab o‘quvchilari uchun 5 yillik maxsus STEM dasturi joriy etiladi. Chet tili va tabiiy fanlarni a’lo baholarga yopgan bitiruvchilar Farmatsevtika texnik universitetining 2-kursiga imtihonsiz qabul qilinadi.
Farmonning qabul qilinishi ichki bozorni xavfsiz va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlash orqali millat salomatligini asrashda muhim qadam bo‘ladi. Bundan tashqari, sohada yangi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh iqtidorlarni tayyorlash tizimi butunlay yangi bosqichga olib chiqiladi.