Jamiyat

“O‘rganishga vaqt va imkoniyat berishdi”

Published

on


Go‘zal Olloberganova Urganchda tug‘ilgan. Yoshligida bir muddat Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashagan. Keyinroq O‘zbekistonga qaytib, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida ta’lim olgan. 2021 yilda esa talaba vizasi bilan AQShga o‘qishga kelgan. Kun.uz muxbiri Amerikaga qilgan safari davomida Go‘zal bilan suhbatlashib, undan “sehrli diyor”gacha bosib o‘tgan yo‘li, hozirgi faoliyati, ikki mamlakat ta’lim tizimidagi farqlar haqida so‘radi. 

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Go‘zal Olloberganova Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlaganidan keyin — 2021 yilda talabalik vizasi bilan AQShga kelgan. U 4 yildan beri shu davlatda o‘qib, ishlab hamda yashab kelmoqda. Go‘zal Amerikada buxgalteriya yo‘nalishida ta’lim oladi. U AQShdagi ta’lim O‘zbekistondan osonroq ekanini aytadi. 

“O‘zbekistonda chuqurroq, ko‘proq ma’lumot berishadi. Bu yerda esa sal yengilroq. Ozgina umumiy ma’lumotni bilib qo‘ysangiz ham sizdan yaxshisi yo‘q. O‘zbekistonda qiyinroq, haqiqatan.

Bizda yaxshi ma’lumot berishadi. Esimda institutda mening o‘qituvchilarim jonini berib o‘qitishardi. Bizneslarning moliyasini hisoblab chiqardik. Qiyin bo‘lardi, lekin bajarardik.

Bu yerda esa shunchaki kitob berishadi, “mana shu bo‘limgacha o‘qib qo‘ygin” deyishadi. Amerikada ko‘p institutlarda McGraw Hill tizim ishlaydi. U uyga vazifalar tizimi hisoblanadi. Unga kirganingizda siz javobni belgilaysiz, uni tekshirsangiz bo‘ladi. U sizga aytadi: bu noto‘g‘ri, boshqasini tekshir deydi, boshqasini bosasiz. U to‘g‘ri deydi — bo‘ldi, shuni kiritib ketaverasiz. 

Aniqrog‘i, o‘qidingiz-o‘qimadingiz, tizim ichida o‘zingiz tekshirasiz. Bo‘ldi, shu bilan besh bahoga topshirib ketaverasiz. Tizim juda kechirimli”, – deydi u.

Go‘zal hozirda logistika kompaniyalariga xizmat ko‘rsatadigan UGL Holding kompaniyasida marketing menejeri bo‘lib ishlaydi. U logistika sohasiga kirib kelgan vaqtda sohadan bexabar bo‘lgan.

“Amerikaga kelgan vaqtlarimda bir do‘stimiz kompaniyada suhbatdan o‘tishga taklif qilgan. Dugonam bilan birga biznes egasi bilan suhbatlashganmiz. “Men logistika haqida hech nimani bilmayman, mendan hech narsa kutmanglar”, deb ochiq aytganman. Ular esa vaqt va imkoniyat berishlarini aytgan. Bir yil o‘z ustimda ishlaganman, onlayn kurslar o‘qiganman, aytganimdek, logistikada nima bo‘layotganini, u o‘zi nima, qayerdan kirib kelgan – shularni tushunganman. O‘zimga logistika yoqadi. Boisi odamlar bilan gaplashib, kommunikatsiyaga kirishishni yaxshi ko‘raman. Logistikada ham har doim haydovchilar, boshqa departamentlar bilan gaplashib turasiz. Bir joyda o‘tirib qiladigan ish emas-da, har doim harakatda bo‘lishingiz kerak”, — deydi u.

Go‘zalning aytishicha, logistika daromadli soha. Biroq uning ham sir-asrorlari bor. Yaxshi daromad olish uchun sohada qanday ishlashni bilish kerak. Xususan, ingliz tilini biladigan trak haydovchilari qish faslida haftasiga 5000 dollardan daromad qila olishi mumkin. Eng kamida esa bu summa 2 ming dollarni tashkil qiladi. Unga ko‘ra, trak haydovchilari va kompaniyalar uchun eng yaxshi daromad davri — yangi yil hisoblanadi.

“Chunki bu vaqtda odamlar katta-katta onlayn do‘konlardan sovg‘alar buyurtma qiladi. Ularning hammasi chetdan portga keladi. Ana shunda bu sovg‘alarni hamma shtatga tarqatish kerak bo‘ladi. Eng yaxshi vaqt shu.

Shunaqa haydovchimiz bor, bir oyning ichida qariyb 25-27 ming dollar topadi. Qancha tilni bilib, aqlli bo‘lib, ishingizni qilsangiz, doim kerak bo‘lasiz”, — deydi Go‘zal.

Uning ta’kidlashicha, AQShda katta yuk mashinalari haydovchilarning qancha daromad ko‘rishi ularning haydovchilik tarixiga ham bog‘liq.

“Aniqrog‘i, politsiya sizni to‘xtatganmi, jarima berganmi, yo‘qmi? Agar tarixingiz toza bo‘lsa, politsiya sizga jarima solmagan bo‘lsa, tezlik chegarasida haydagan bo‘lsangiz, to‘xtash belgilariga amal qilgan bo‘lsangiz, narxingiz oshib ketaveradi.

Masalan, yaqinda Kaliforniyada YTH bo‘ldi. Uch nafar odam hayotdan ko‘z yumdi, yana uch nafari trak haydovchisining aybi bilan jarohatlandi. Bu butun logistikaga ta’sir qiladi. Brokerlar ham qo‘rqadi. Avtohalokat bo‘lganida xavfsizlik ko‘rsatkichi tushib ketadi. Keyin shu sabab sizga ishonishmaydi.

Shuning uchun sizga yaxshi yuklarni berishmaydi. “Ha, sening haydovching avtohalokat qilibdi-yu, sening haydovching tezlikdan jarima olibdi-ku, deyishadi. Sen bizning yukimizni vaqtida, avariyaga tushmasdan, hech nima qilmasdan olib borishingga ishonmaymiz deydi. Bu savdoga ham salbiy ta’sir qiladi”, — deya aytadi u.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Tasvirchi Boymirza Halilov.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version