Jamiyat
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
«Mening yoshim 19 da. Bir yigitni yoqtiraman, uning ham sevgisi kuchli. Lekin bu muhabbat bizga azob beryapti. Sababi, o‘rtamizdagi munosabatlarga ota-onam qarshi, ular meni o‘zimizga o‘xshagan obro‘li xonadonga uzatish niyatida, sevgimizga quloq solishmayapti. Meni esa yoqtirgan yigitim baxtli qilishiga ko‘zim yetadi. Qolaversa, o‘zim ham oddiy xonadonga kelin bo‘lmoqchiman. Halovatimni yo‘qotdim, biroq muhabbatimni deb ota-onamni ranjitish niyatim yo‘q. Qanday ish tutsam, ularni rozi qilishim mumkin?
S.»
Muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi, degan naql bejiz emas. Ishq-muhabbat domiga tushib qolganlar qaltis xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Zero, hayotda sevgidan tashqari aql bilan ham ishlash kerak.
Savol bergan qiz bilan yigit hissiyotga o‘ta berilib ketgani bois bir-biriga ruhan o‘rganib qolishgan. Bu tuyg‘uni esa oddiygina bog‘lanish desak to‘g‘ri bo‘ladi. Haqiqiy sevgini his qilgan inson dard chekishi emas, balki quvonch, shodlik, baxtiyorlikni tuyib, jufti bilan bir-birini e’zozlab, bu tuyg‘ular unga hayotda yashashi uchun kuch bag‘ishlashi kerak. Shunchaki bog‘lanish oqibatida munosabat qurgan yoshlarda «biz sevgimizga erisha olmaymiz» degan dastur paydo bo‘ladi. Oqibatda g‘am-qayg‘u boshlanadi va bu yoshlar faqat o‘zlarini o‘ylashadi. Go‘yo faqat ularning aytgani, istagi bo‘lishi shart!
Savol bergan qiz yigitning o‘rtahol oilasini me’yoriy holat deb qabul qilyapti. Onasi uchun esa bu normal holat emas, u hayotda ma’naviy yetuklikka erishishni xohlaydi. Shu bois qarshilik ko‘rsatilyapti. Yoshlar ko‘pincha ota-onalari yoki yaqinlari monelik qilganida ularni to‘g‘ri tushunishmaydi. Vaholanki, kattalar sevib qolgan yoshlardan farqli ravishda aqlni ham ishga soladilar. Ota-onani rozi qilmasdan, sevgiga erishib bo‘lmaydi!
Bu qizga maslahatim: hislaringiz haqiqiy ekanligiga aniqlik kiritish uchun ikki yil sabr qiling. Agar shu muddat sinovidan o‘tsangiz, istaganingizga erishasiz. Biror sabab bo‘lib, yigit bilan munosabatingizga putur yetsa, demak, orangizda shunchaki havas bo‘lgan, xolos. Siz noto‘g‘ri xatti-harakatlaringiz bilan, avvalo, onangizning oldida ishonchingizni yo‘qotmang. Agar hozir volidangizga qarshilik ko‘rsatib, o‘sha yigit bilan ko‘rishadigan bo‘lsangiz, yon-atrofdagi insonlar oldida ham obro‘yingiz to‘kiladi. Qachonki onangiz bilan munosabatlaringizni tiklasangiz, ana shunda istagan muhabbatingizga erishasiz.
Ayni damda onangiz xavotirda, u sizning kelajagingizni o‘ylab bugungi xatolaringizdan tashvishlanyapti. Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi. 19 yosh turmush qurish uchun bir oz ertalik qiladi, sinov uchun berilgan ikki yillik vaqt esa hammasini joy-joyiga qo‘yadi. Sevish kerak, muhabbat bo‘lishi zarur, lekin inson o‘z hurmatini yo‘qotmasin.
Aksariyat yoshlar «odamlarning gapiga parvo qilmayman», deb o‘z gapidan qolmaydi, qaltis xatolarga yo‘l qo‘yadi. Eng yomoni, bu xato insonga umrining oxirigacha tinchlik bermaydi. Qiz bola nafisligi, beg‘uborligi, bokiraligiga dog‘ tushirmasligi shart. Baxtli bo‘lish uchun esa havasdan tashqari, ongli ravishda qadam tashlashni ham bilish kerak.
Baxtiniso Azimboyeva,
shifokor-ruhshunos.