Sport
«Oltin to‘p»ga da’vogarlar ro‘yxati e’lon qilindi
7 avgust kuni France Football jurnali 2025 yilgi «Oltin to‘p» uchun nomzodlarni e’lon qildi. Shuningdek, nashr «Kopa Trofi» (eng yaxshi yosh o‘yinchi), Yashin (eng yaxshi darvozabon) va Kruiff (eng yaxshi murabbiy) sovrinlariga da’vogarlar ro‘yxatini ham ochiqladi. G‘oliblar nomi 22 sentabr kuni Parijda ma’lum bo‘ladi.
«Oltin to‘p»
Nomzodlar 30 nafar futbolchidan iborat:
Usmon Dembele («PSJ», Fransiya)
Janluidji Donnarumma («PSJ», Italiya)
Jud Bellinghem («Real», Angliya)
Dezire Due («PSJ», Fransiya)
Denzel Dumfris («Inter», Niderlandiya)
Seru Girassi («Borussiya» Dortmund, Gvineya)
Erling Holand («Manchester Siti», Norvegiya)
Viktor Gyokeresh («Arsenal», Shvetsiya)
Ashraf Hakimi («PSJ», Marokash)
Harri Keyn («Bavariya», Angliya)
Xvicha Kvaratsxeliya («PSJ», Gurjiston)
Robert Levandovski («Barselona», Polsha)
Aleksis Makallister («Liverpul», Argentina)
Lautaro Martines («Inter», Argentina)
Skott Maktominey («Napoli», Shotlandiya)
Kilian Mbappe («Real», Fransiya)
Nunu Mendesh («PSJ», Portugaliya)
Joau Nevesh («PSJ», Portugaliya)
Pedri («Barselona», Ispaniya)
Koul Palmer («Chelsi», Angliya)
Maykl Olise («Bavariya», Fransiya)
Rafinya («Barselona», Braziliya)
Deklan Rays («Arsenal», Angliya)
Fabian Ruis («PSJ», Ispaniya)
Virjiyl van Deyk («Liverpul», Niderlandiya)
Vinisius Junior («Real», Braziliya)
Muhammad Saloh («Liverpul», Misr)
Florian Virs («Liverpul», Germaniya)
Vitinya («PSJ», Portugaliya)
Lamin Yamal («Barselona», Ispaniya).
Dembele – favorit
Ro‘yxatda eng ko‘p futbolchi «PSJ» vakillari – birdaniga 9 nafar. Buning ajablanadigan tomoni yo‘q, nima bo‘lganda ham ular yakunlangan mavsumda trebl qayd etib, asosiy triumfatorga aylanishdi. Tarixda faqat ikkinchi bor yakuniy ro‘yxatdagi 30 da’vogardan 9 nafari bir jamoadan bo‘lmoqda. 2018 yilda ham nomzodlarning qariyb uchdan bir qismi «Real» vakillari edi.
Top-30 ro‘yxatdagi yagona darvozabon ham Parijdan, ammo u taqdirlash marosimiga qadar ushbu klub a’zosi bo‘lib qolishi fakt emas. Donnarumma hozircha klubi bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti.
«PSJ» hujum chizig‘i yetakchilaridan biri Usmon Dembeleni ko‘pchilik bukmekerlar «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun asosiy favorit sifatida ko‘rmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Yamal va Saloh. Ammo har qanday prognozga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim: o‘tgan mavsumda juda ko‘pchilik «Oltin to‘p»ni Vinisius olishini taxmin qilgandi, ammo yakunda Rodri g‘olib chiqdi.
«Manchester Siti» yarimhimoyachisi bu safar short-listga ham kirmadi: ispaniyalik futbolchi 2024 yil sentabrida og‘ir jarohat olgandi va faqat mavsum yakuniga kelib safga qaytdi.
«Kopa Trofi»
«Kopa Trofi» jahonning 21 yoshga to‘lmagan eng yaxshi futbolchisiga beriladi. 2024 yilda Yamal g‘olib chiqqandi. Bu safar nomzodlar ro‘yxati quyidagi 10 futbolchidan iborat:
Pau Kubarsi («Barselona», Ispaniya)
Ayyub Buaddi («Lill», Fransiya)
Estevao («Chelsi» / «Palmeyras», Braziliya)
Din Hausen («Real» / «Bornmut», Ispaniya)
Maylz Lyuis-Skelli («Arsenal», Angliya)
Rodrigo Mora («Portu», Portugaliya)
Lamin Yamal («Barselona», Ispaniya)
Dezire Due («PSJ», Fransiya)
Joau Nevesh («PSJ», Portugaliya)
Kenan Yildiz («Yuventus», Turkiya).
Yozda 18 yoshini nishonlagan Lamin bu sovrinni ikki marta qo‘lga kiritgan birinchi futbolchi bo‘lish uchun ajoyib imkoniyatga ega. U hali uzoq vaqt rekordlarni yangilashi mumkin.
Yashin nomidagi sovrin
Jahonning eng yaxshi darvozaboniga beriladigan Lev Yashin nomidagi mukofotni qatorasiga ikki yildan buyon Argentina milliy jamoasi va «Aston Villa» klubi posboni Emiliano Martines o‘ziniki qilib keladi. France Football bu safar ham uni nomzodlar ro‘yxatiga qo‘shgan:
Alisson («Liverpul», Braziliya)
Yassin Bunu («Al-Hilol», Marokash)
Lyuka Shevale («Lill», Fransiya)
Tibo Kurtua («Real», Belgiya)
Janluidji Donnarumma («PSJ», Italiya)
Emiliano Martines («Aston Villa», Argentina)
Yan Oblak («Atletiko», Sloveniya)
David Rayya («Arsenal», Ispaniya)
Mats Sels («Nottinghem Forest», Belgiya)
Yan Zommer («Inter», Shveytsariya).
Kruiff nomidagi sovrin
Bu sovrinni dunyoning eng yaxshi murabbiyi qo‘lga kiritadi. 2024 yilda bu sovrin Karlo Anchelottiga («Real») berilgandi, bu safar u nomzodlar qatorida yo‘q. France Football nomzodlar ro‘yxatiga quyidagi besh nafar murabbiyni kiritgan:
Luis Enrike («PSJ», Ispaniya)
Hans-Diter Flik («Barselona», Germaniya)
Antonio Konte («Napoli», Italiya)
Arne Slot («Liverpul», Niderlandiya)
Enso Mareska («Chelsi», Italiya).
Taqdirlash marosimi qachon va qayerda o‘tkaziladi?
«Oltin to‘p» taqdimoti tarixda to‘rtinchi marta kalendar yili emas, mavsum yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladi. 2024 yil 1 avgustdan 2025 yil 31 iyulgacha bo‘lgan davr hisobga olinadi. Tantanali marosim 22 sentabr kuni – an’anaga ko‘ra, Parijning Shatle teatrida bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yili tashkilotchilar hakamlar hay’ati tarkibini qisqartirishgandi. Endilikda FIFA reytingining top-100 taligiga kirgan mamlakatlardan faqat 100 nafar jurnalist eng yaxshilar uchun ovoz berishi mumkin. Ilgari ovoz beruvchilar soni 170 nafargacha bo‘lgan. Bunday o‘zgarish France Football nashri tashabbusi bilan amalga oshirildi – bu qaror orqali mukofotning nufuzini oshirishi ko‘zlangan.