Jamiyat
Olmaotada og‘ir ahvolga tushib qolgan bir guruh fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi
O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida ish beruvchilari tomonidan mehnat haqi to‘lanmagan, og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan bir guruh vatandosh yurtga qaytarildi.
“Dunyo” axborot agentligi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi hamda ushbu shaharda faoliyat yuritayotgan Migratsiya agentligi vakolatxonasi tomonidan bir guruh hamyurtlar O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, Olmaotada ish beruvchilari tomonidan mehnat haqlari berilmasdan, og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan bu fuqarolarga konsullik hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatilgan, ular moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlangan.
Bosh konsulxona tomonidan vatandoshlarga O‘zbekistonga qaytish uchun tegishli sertifikatlar berilgan. Shundan so‘ng Migratsiya agentligi vakolatxonasi ularning Olmaota–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalarini xarid qilishda ko‘maklashdi.
Ushbu chora-tadbirlar Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, ularni qiyin holatlarda yolg‘iz qoldirmaslik tamoyili amalda namoyon bo‘layotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlanishicha, yurtning hech bir fuqarosi e’tibordan chetda qolmaydi va ularning vatanga qaytishini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.