Iqtisodiyot

Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi dunyodagi yirik korxonalar qatoridan joy oldi

Published

on


Germaniyaning Deutsche Allgemeine Zeitung nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.

Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.

Nashrda misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Loyihaning texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga yetishi ta’kidlangan. Molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version