Jamiyat

Oliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi

Published

on


Oliy sud Plenumi majlisida inson huquqlarini himoya qilish, sud amaliyotida qonunlarni bir xil qo‘llash hamda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta muhim qaror qabul qilindi. Mazkur hujjatlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud amaliyotida yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish va qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlashga xizmat qiladi.

3 iyul kuni Toshkentda Oliy sud Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova raislik qilgan yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud va quyi sudlarning sudyalari, Bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Sudyalar assotsiatsiyasi va Advokatlar palatasi raislari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha va Bola huquqlari bo‘yicha vakillari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Robaxon Mahmudova majlisni ochar ekan, «Bugun amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odil sudlov izchil raqamlashtirilmoqda, sud jarayonlari ochiq, shaffof va nazoratli bo‘lib bormoqda. Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlaganlaridek, odamlar sudga oxirgi umid sifatida keladi va sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson Yangi O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak. Bunday ishonchni qozonish uchun sud amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror qabul qilinishini ta’minlash talab etiladi. Shu sababli, Oliy sud Plenumi tomonidan beriladigan tushuntirishlar katta ahamiyatga ega», dedi.

Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining «Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida», «Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi.

Oliy sud Plenumining bugun qabul qilingan «Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida»gi Qarori bu toifadagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonunchilik hujjatlarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Konstitutsiyada inson huquqlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, hech kim insonning huquq va erkinliklarini sud qarorisiz cheklashga yoki ulardan mahrum etishga haqli emas. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar, ayniqsa, ruhiy holati tufayli o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan shaxslarning huquqlarini muhofaza qilishda alohida ahamiyatga ega. Zero, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish yoki uning muomala layoqatini cheklash insonning eng muhim huquq va erkinliklariga bevosita daxl qiluvchi masaladir. Shu ma’noda, qabul qilingan Plenum qarori inson huquqlariga bevosita daxl qiluvchi ushbu toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda sudlar uchun yagona va aniq huquqiy yondashuvlarni belgilashga qaratilgan. Bu esa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatidir. Xususan, Plenum qarorida sub’yektlar doirasi va sudga murojaat qilish tartibi, fuqaroning muomala layoqatini cheklash asoslari, voyaga yetmaganlarning muomala layoqati masalasi, shaxsning shikoyat qilish huquqi va kafolatlari hamda prokuror va vasiylik organi ishtiroki yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.

Ma’lumki, sud qarori qonuniy va adolatli bo‘lishi bilan birga uning ijrosi ta’minlanishi, shuningdek sud hujjati qabul qilinguniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi xavfini bartaraf etilishi ham odil sudlovga erishilishining maqsadlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) instituti huquqiy munosabatlarda qonun ustuvorligi hamda huquqlar va qonuniy manfaatlarni ta’minlanishini, sud hujjatlarining samarali va o‘z vaqtida ijrosini kafolatlovchi muhim protsessual vosita sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, «Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Plenum qarori qabul qilindi. Plenum qarorida qayd etilganidek, ushbu choralar javobgar tomonidan mol-mulkni yashirish, boshqa shaxslarga o‘tkazish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish xavfi mavjud bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.

Ma’muriy sudlov sohasida esa dastlabki himoya choralari sud qarori qabul qilinguniga qadar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi. Protsessual qonunchilikka binoan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishga sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yo‘l qo‘yiladi. Sud himoyasining samaradorligini ta’minlash va protsessning muayyan bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turlicha yondoshuvlarni bartaraf etish maqsadida qarorda bunday choralarini ko‘rishga ish yuritish to‘xtatilganda ham yo‘l qo‘yilishi, bunda protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ariza (iltimosnoma) taraflarni xabardor qilmasdan, ish yuritish tiklanmagan holda hal qilinishi haqida tushuntirish berilmoqda. Shuningdek, qonunchilikda belgilangan soddalashtirilgan ish yuritish shakli taraflarning da’voni ta’minlash choralaridan foydalanish huquqini cheklamaganligi bois qaror loyihasida soddalashtirilgan tartibda ko‘rilayotgan ishlarda ham da’voni ta’minlash choralarini qo‘llash mumkinligi alohida ta’kidlanmoqda.

Oliy sud Plenumining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaroridagi o‘zgartirishlar to‘rtta yo‘nalishni qamrab oladi: atrof-muhitni muhofaza qilish  va tabiatdan foydalanish, bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish, kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash hamda sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish. Ushbu Plenum qarori qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarni inobatga olgan holda amaldagi Plenum qarorlari tushuntirishlari boyitilishi samarasi o‘laroq qonunlarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash, yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.

Qabul qilingan qarorlardagi tushuntirishlar kelgusida qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashga xizmat qilib, odil sudlovni amalga oshirish, qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilinishi bilan bir qatorda sudlar tomonidan qonun normalari bir xilda talqin qilinishi va yagona sud amaliyotini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Plenum qarorlari matnlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborotnomasi» va «Kuch – adolatda» gazetasida e’lon qilinadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version