Sport
Oliy sport mahorati maktablari o‘rniga «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi
Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qayd qilinishicha, Toshkentdagi 7 ta oliy sport mahorati maktabi tugatilib, o‘rniga Olimpiya shaharchasida «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi. Joylardagi 56 ta ixtisoslashgan sport maktabi ham markazning boshqaruviga o‘tadi.
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, professional sportda seleksiya tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Joriy yildan Prezident Olimpiadasi doirasida musobaqa o‘tkaziladigan sport turlari 2 karra ko‘paytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur olimpiada parasport bo‘yicha ham o‘tkazilishi belgilandi.
Har bir tuman, viloyat hokimi o‘z hududida Hokim olimpiadasini tashkil qiladi. Ushbu musobaqalar g‘oliblari Prezident olimpiadasiga yo‘llanma oladi.
Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limi direktorlari bir vaqtning o‘zida viloyat hokimlariga sport bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi.
Poytaxtdagi 7 ta oliy sport mahorati maktabi tugatilib, o‘rniga Olimpiya shaharchasida «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi. Joylardagi 56 ta ixtisoslashgan sport maktabi ham markazning boshqaruviga o‘tadi.
Adaptiv sport turlari bo‘yicha kadr tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham o‘zgaradi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport bo‘yicha tayanch oliygohga aylanadi.
Sport vaziri A.Ikramov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva, Paralimpiya qo‘mitasi raisi M.Tashxojayevga tegishli qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Prezident bugun para sportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini ta’kidladi.
Endi o‘quv-yig‘in mashg‘uloti, respublika va xalqaro musobaqalarda para sportchiga hamrohlik qilganlarga transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oyda sport maktablari trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh to‘lanadi.