Sport
Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonov doping tufayli 3 yilga chetlatildi
Bokschining 2025 yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari paytda topshirgan namunasida taqiqlangan metasteron metabolit moddasi aniqlandi.
Jahon boksida mustaqil antidoping dasturiga rahbarlik qiluvchi Xalqaro test agentligi (ITA) xabariga ko‘rga, o‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullajonov taqiqlangan modda – metasteron metabolitiga topshirgan testi musbat natija berganidan so‘ng 3 yillik diskvalifikatsiyaga rozi bo‘ldi.
Sportchi 2025 yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari paytda namunani topshirgandan so‘ng, taqiqlangan metasteron metabolit moddasi uchun testi musbat bo‘lib chiqdi.
Metasteron Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan va nospetsifik moddalar qatoriga kiritilgan. U mushak massasi va kuchini oshiradigan sintetik anabolik steroid hisoblanadi.
Sportchi antidoping qoidalarini (ADRV) buzgani bo‘yicha qarorga e’tiroz bildirmadi va bahslashmadi. Qoidaga ko‘ra, shu sababli u 4 yilga emas, balki 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Uning diskvalifikatsiya muddati 2025 yil 22 iyuldan 2028 yil 21 iyulgacha amal qiladi. Shuningdek, 2025 yil 11 iyundan (sinov topshirilgan sana) 2025 yil 22 iyulgacha (vaqtincha chetlatilgan sana) bo‘lgan musobaqalardagi barcha natijalari bekor qilinadi.
Lazizbek Mullajonov 26 yoshda. 2024 yilgi yozgi Olimpiadada u 92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, 2023 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi.