Jamiyat
odamlarni chuv tushirgan uchta firma mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Toshkent shahridagi “Best info consult”, “Sta cons” va “Biletol” MChJ mansabdorlari firibgarlikda gumonlanmoqda. Ular Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish va’dasi bilan odamlarni aldab kelgan. Xarajatlar uchun to‘langan pullar esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.
Toshkent shahridagi 3 ta MChJ – “Best info consult”, “Sta cons” va “Biletol” mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Kun.uz tanishgan ayblov xulosasida keltirilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan M.R. hamda 1986 yilda tug‘ilgan Sh.K. o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish maqsadida jinoiy til biriktirgan. Ular 2024 yil “Best info consult”, 2023 yil “Biletol” hamda “Sta cons” MChJlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, rahbarlik qilib kelishgan.
Ushbu MChJlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarga ishga yuborish haqida e’lonlar joylashtirilgan. Murojaat qilgan fuqarolar bilan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirilgan. So‘ngra turli tashkiliy ishlar bahonasida fuqarolardan pul mablag‘lari undirilgan. Biroq ushbu pullar jamiyat hisob raqamiga kirim qilinmasdan, shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan. Xorijga ishga jo‘natish va’dasi esa bajarilmagan.
Jumladan, M.R. 2024 yil fevral oyida fuqaro I.A. bilan 1,5 ming dollar evaziga uni Litva davlatiga ishga jo‘natishni va’da qilib, shartnoma imzolagan. So‘ngra fuqarodan 11 mln 200 ming so‘m pul olib, shartnoma shartlarini bajarmagan.
M.R. va Sh.K. shu kabi reja bilan 34 nafar fuqaroning jami 817 mln so‘m pulini qo‘lga kiritgan. Ammo na ularni ishga jo‘natgan, na pulini qaytarib bergan. Ular firibgarlikda gumonlanib, 2025 yil aprel oyida qo‘lga olingan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari tugatilib, ish mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga jo‘natilgan.
Oldinroq AQShga ishga jo‘natishni va’da qilgan “American Adventure” firmasi vakillari firibgarlikda ayblanayotgani xabar qilingandi.