Jamiyat

«Odamlar o‘rtasida adolat bilan hukm qiling!»

Published

on


Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov 8 oktyabr kuni sud hukmi bilan 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbiri uning suddagi so‘nggi nutqini qog‘ozga tushirdi.

A.Tursunov 8 sentabr kungi sud majlisidan keyin yaqinlari bilan xayrlashmoqda

«Assalomu alaykum, ushbu zalda hozir bo‘lganlar.

Men, Mubashshir Ahmad 5 oy oldin boshlangan tergov jarayoni va sud majlislarida Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha ayblanyapman.

Garcha advokatlarim diniy qo‘mita ruxsatisiz diniy material tarqatishga doir ayblovlarni bekor qilishni so‘ragan bo‘lsa ham, men shunday materiallar tarqatganimni tan olaman. Chunki men bu paytda Turkiyada bo‘lganman: buning uchun O‘zbekistondagi idoradan ruxsat so‘rash kerakligini bilmaganman va bunga jismonan imkonim ham bo‘lmagan.

Qolgan ikkita ayblovlar (jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tarqatish va milliy adovat qo‘zg‘atish) bo‘yicha tergovda ham aybim yo‘qligini aytganman. Sud jarayonlarida ham bu ayblovlar o‘z isbotini topmaganini ko‘rdik. Hozir ham bu ayblovlarga qo‘shilmayman.

Endi ayrim mulohazalarimni aytsam.

Dinimizda ham, hayotimizda ham biror ishni bajarganda o‘sha insonning niyati va qasdi juda muhim hisoblanadi. Masalan, kishi o‘z oilasini boqish uchun pul topaman, deb ishga borib kelsa ham savob oladi.

Xuddi shuningdek, insonlar orasidagi munosabatlarda ham ishlar niyatlarga bog‘liqdir. Men yozgan barcha ishlarim, maqolalarimda niyatim xolis bo‘lgan, odamlarga yaxshilik ulashish edi.

Xususan, ayblov qo‘yilgan materialda (Isroilning G‘azodagi genotsidiga doir) ham odamlarning, ayniqsa yoshlarning ketib qolishi oldini olish, vaziyatni tushuntirish maqsad qilingan edi.

Milliy adovat qo‘zg‘atish haqidagi ayblovlarga ham qo‘shilmasligimning sababi bor. Chunki men doim millatlararo totuvlikka chaqirganman. Riyo uchun emas, sud buni hisobga olishi uchun bu borada qilgan 2 ta katta ishimni aytsam.

Birinchisi. Bir necha yil oldin Nukusda odamlar namoyishlarga chiqib, «Qoraqalpoq voqealari» deb nomlangan voqealar bo‘lib o‘tdi. Shunda O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining iltimosiga ko‘ra, murojaat bilan chiqib, ikki xalqni totuvlikka va birdamlikka chaqirdim. Nizo va fitnalarni to‘xtatishni iltimos qildim.

Ikkinchi holat. 2019 yilda o‘sha davrdagi Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan bir ayol ijtimoiy tarmoqlarda Payg‘ambarimiz alayhissalomni haqorat qilgani bilan bog‘liq voqea tarqaldi. Bu jamiyatda keskin va juda qattiq reaksiyalarni keltirib chiqardi, ayolga tahdid qilishni boshlashdi. Shunday vaziyatda ham Prezident administratsiyasining iltimosi bilan men o‘zimizning Azon.uz saytimizga u ayolni chaqirib, u bilan suhbatlashib, asl maqsadi va vaziyatni tushuntirib berdik. O‘shanda juda katta yukni bo‘ynimizga oldik va turli fitnalarning oldi olinishiga erishdik.

Yana bir bor qaytaraman, bularni men riyo uchun emas, balki faoliyatimdagi niyatim doim yaxshilik va totuvlik bo‘lganini sudga bildirish, eslatish uchun aytyapman.

Bundan tashqari sudya hukm chiqarishda salomatligimni ham inobatga olishini so‘rayman: men 21 yildan buyon qandli diabet (saxar) kasalligidan aziyat chekaman. Buyraklarim yaxshi ishlamaydi, ba’zida yaxshi ko‘rinadi, lekin ba’zida oyoqlarim shishib ketadi. Oilam va 7 nafar farzandim bor. Ularning ta’minoti mening bo‘ynimda.

Shu kunga qadar xalqimiz va yoshlarning diniy-ma’rifiy sohada ilm olishlari uchun harakatlarim ham davom etmoqda. 10 jilddan iborat «Sochilgan durlar» nomli Qur’oni Karimning tafsirini boshlaganman. Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy qalamiga mansub «Sahihi Buxoriy» to‘plamining ham tafsir va tarjimalarini boshlab qo‘yganman. Bu ishlarni oxiriga yetkazib, xalqimiz uchun yangi ma’naviy ozuqalarni berishni niyat qilganman.

Men o‘zimni qanday oqlashimdan qat’iy nazar, bu ishda hukmni sudya chiqaradi. Sizdan hukm chiqarishda yuqorida aytganlarimni inobatga olishingizni so‘rayman

So‘zimning oxirini Allohning kalomi bilan yakunlayman: «Odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qiling. Alloh hamma narsani ko‘rib, bilib turguvchidir».

Mubashshir Ahmad,

2025 yil 8 oktyabr,

JIB Uchtepa tuman sudi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version