Jamiyat
Nurafshonda bankomatni ochishga urinish to‘xtatildi, gumonlanuvchi ushlandi
Nurafshon shahrida tungi soat 03:10 da bankomatdan kelib tushgan tashvish signali asosida tezkor guruh 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, bankomatni buzib ochishga uringan gumonlanuvchini ushladi.
Toshkent viloyati Nurafshon shahri hududida joylashgan bankomat qurilmasidan tashvish signali kelib tushdi.
Toshkent viloyati IIBB Qo‘riqlash boshqarmasiga Nurafshon shahar “Oppoq” MFY, Toshkent yo‘li ko‘chasida joylashgan bankomatdan tashvish xabari kelib tushgan. Xabar navbatchilik qismi orqali tungi xizmatga biriktirilgan tezkor guruhga zudlik bilan yetkazilgan va xodimlar 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan.
Aniqlanishicha, bankomat ichida bo‘lgan noma’lum shaxs ushlangan. Tekshiruv davomida uning yonidan bolg‘a, otvertka va boshqa xo‘jalik anjomlari borligi ma’lum bo‘lgan. U bankomat eshigini buzib ochib, ichidagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga uringan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro (Y.A.) voqea joyida issiq izidan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.