Jamiyat
Norvegiya kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish sohasiga qiziqish bildirdi
O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi vakillari Norvegiyaning «TOMRA Systems ASA» kompaniyasi vitse-prezidenti Tomas Morgenshtern bilan onlayn muloqot qildi.
«Dunyo» AA bergan ma’lumotga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya O‘zbekiston Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida ekologik tashabbuslarni amalga oshirish uchun Norvegiya grantlarini jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar «TOMRA» rahbariyatining 2026 yil iyun oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi va O‘zbekiston vakillarining Norvegiyaga tashrifi bo‘yicha kelishib oldi.
«TOMRA Systems ASA» kompaniyasi 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish bo‘yicha jahon bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi.