Jamiyat
Nonushta depressiv alomatlarni kamaytirishi ma’lum bo‘ldi
Har kuni nonushta qilish nafaqat salomatlikni yaxshilaydi, balki o‘smirlarda depressiv alomatlar xavfini kamaytiradi.
Bu xulosaga xitoylik olimlar bir yarim yil davomida 2500 dan ortiq maktab o‘quvchilarini kuzatgandan so‘ng kelishdi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida chop etildi.
Tadqiqotda Shanxaydan 2502 nafar o‘smir ishtirok etdi. Tadqiqot boshida va taxminan 18 oydan so‘ng, tadqiqotchilar o‘quvchilarning nonushta qilish chastotasi, qancha uxlashlari va ularda depressiya belgilari bor-yo‘qligini baholadilar. Kuzatuv davrida har kuni nonushta qiladigan o‘smirlarning ulushi 81,1 foizdan 76,1 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, depressiv alomatlarning tarqalishi 15,3 foizdan 18,5 foizgacha, uyqusizlikning tarqalishi esa 89,5 foizdan 92,9 foizgacha oshdi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, har kuni nonushta qilish hayotning keyingi bosqichlarida depressiv alomatlar paydo bo‘lish xavfini kamaytirishi, shuningdek, uyqu davomiyligini uzaytirishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, uyqu va ruhiy salomatlik o‘rtasida ikki tomonlama bog‘liqlik aniqlandi: uyquning yetarli emasligi depressiv alomatlar ehtimolini oshirdi va depressiv alomatlarning o‘zi keyinchalik uyqu davomiyligining qisqarishi bilan bog‘liq edi.
Mualliflar nonushta miya faoliyati uchun muhim bo‘lgan ozuqa moddalari orqali, shuningdek, organizmning sirkadiyalik ritmlarini qo‘llab-quvvatlash orqali kayfiyatga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlaydilar.