Jamiyat
nogironligi mavjud bolalar uchun xizmatdan qanday foydalanish mumkin?
Hukumat qarori bilan «Erta aralashuv» xizmati ko‘rsatilishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, «Erta aralashuv» xizmati quyidagi bolalarga ko‘rsatiladi:
belgilangan tashxislar bo‘yicha nogironlik belgilangan tug‘ilgandan boshlab 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
oilaviy shifokor tomonidan rivojlanishida orqada qolish xavfi mavjudligi haqida xulosa berilgan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
rivojlanishida orqada qolish xavfi mavjudligi haqida xulosa berilgan 1-3 yoshdagi bolalar.
«Erta aralashuv» xizmatini ko‘rsatish istagini bildirgan nodavlat tashkilotlar elektron reyestrga kiritiladi.
Bolaning otasi yoki onasi xizmatdan foydalanish uchun «Inson» markazi, Davlat xizmatlari markaziga yoxud YaIDXP (my.gov.uz) yoki «Ijtimoiy karta» ilovasi orqali murojaat qilishi mumkin.
So‘rovnoma tasdiqlangandan so‘ng 1 ish kunida bola «Erta aralashuv» xizmatidan foydalanishi uchun elektron vaucher shakllanadi.
Vaucher shakllangan sanadan boshlab bolaning ota-onasi 30 kun ichida vaucherdan foydalanishni boshlashi lozim.
Buyurtma nodavlat tashkilot tomonidan qabul qilingandan so‘ng 10 ish kuni ichida bolaning ota-onasi bilan birgalikda bolaning erta aralashuv rejasi ishlab chiqiladi.
«Erta aralashuv» xizmati vaucherning amal qilish muddati davomida 6 kunlik ish haftasida 08:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ko‘rsatiladi.
Nodavlat tashkilotga ko‘rsatilgan xizmat xarajatlari vaucherning haqiqatda foydalanilgan qismi bo‘yicha subsidiya shaklida to‘lanadi.