Sport
Nodirbek Abdusattorov — yarim final ostonasida
O‘zbekistonning eng yuqori reytingli grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov Chess.com Open 2026 onlayn turnirida yurishini muvaffaqiyatli davom ettiryapti.
Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi — 250 ming AQSh dollari. Musobaqa kibersport bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati (Esports World Cup) uchun saralash vazifasini o‘taydi.
NAVI jamoasi a’zosi hisoblangan Abdusattorov belaruslik Denis Lazavikka qarshi o‘yinni boy berganidan so‘ng kurashni mag‘lublar yo‘lagi orqali davom ettirdi. Ikkinchi raundda rossiyalik Yan Nepomnyashiyni taslim qilib (1,5:0,5), uchinchi bosqichga chiqdi. Bu bosqichda u Javohir Sindorovni musobaqadan chiqarib yuborgan fransiyalik Maksim Vashe-Lagravdan o‘ziga xos tarzda revansh oldi: hisob — 1,5:0,5.
Nodirbekni chorak finalda hindistonlik Nihal Sarin kutmoqda. Partiyaga bugun, 25-aprel kuni Toshkent vaqti bilan 20:15 da start beriladi. O‘yin g‘olibi yarim finalda Denis Lazavik yoki eronlik Movahed bilan to‘qnashadi. Mag‘lublar yo‘lagi orqali grand finalga yo‘l olgan grossmeyster turnir toji uchun Magnus Karlsen bahslashadi.
Shaxmatchilar «10+0» (rapid) formatida bahslashmoqda. Ikki raqibdan yengilgan shaxmatchi chempionlik uchun poygadan chiqadi. Javohir Sindorov shu tariqa turnirni tark etgandi.
Ma’lumot uchun: 2025-yilgi Esports World Cup turnirida Nodirbek Abdusattorov (NAVI jamoasi tarkibida) 5-o‘rinni egallab, 85 ming dollar olgandi. Guruh bosqichida ishtirokini yakunlagan Javohir Sindorov (Team Vitality jamoasi) esa 50 ming dollar bilan mukofotlangandi.