Jamiyat
NKMK ishchisi gilam bo‘laklari yordamida 35 mln so‘mlik oltinni o‘g‘irlashga urindi
Tegirmon mashinisti tarkibida oltin bo‘lgan bo‘tanani gilam bo‘laklariga to‘yintirish orqali zavod hududidan olib chiqishga harakat qilgan. Gilam bo‘laklaridan tarkibida 19 grammga yaqin oltin bo‘lgan ma’danli qum aniqlangan.
Navoiyda zavoddan oltin o‘g‘irlab chiqishga uringan NKMK ishchisi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 36 yoshli H.O. NKMK Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 2-sonli GMZ maydalash sexida tegirmon mashinisti vazifasida ishlagan. U 20 mart kuni tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan bo‘tanani 2 ta gilam bo‘lagiga to‘yintirish orqali olib chiqib ketishga uringan. Biroq uning bu harakati fosh bo‘lgan.
Gilam bo‘laklaridan tarkibida 35 mln so‘mlik 18,44 gramm oltin hamda 120 ming so‘mlik 4 gramm kumush bo‘lgan 4 kgdan ortiq ma’danli qum aniqlangan.
H.O. aybiga iqror bo‘lgan.
“20 mart kuni smena asosida ishga keldim va belgilangan tegirmonlar oldiga bordim. 29-sonli tegirmonning pastki quyilish quvurlari qopqoqlarini ochib, u yerga 2 dona gilam bo‘lagini qo‘ydim. Smena yakunida gilam bo‘laklarini olib, sellofan paketga soldim. Ularni olib ketayotgan vaqtimda qarshimdan zavod tartibot bo‘limi xodimlari chiqib qoldi. Ularni ko‘rishim bilan qo‘limdagi paketni yon tomonga tashladim. Xodimlar mening harakatlarimdan shubhalanib, paketni ochib ko‘rishdi. So‘ngra ichki ishlar organlari xodimlariga xabar berishdi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
H.O. oilaviy va moddiy sharoiti og‘irligini, oilada yagona boquvchi ekanini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Tomdi tuman sudining hukmi bilan H.O. Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi (o‘g‘rilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga BHMning 10 baravari (4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.