Sport

«Nima desa, deyaverishsin». Messi heyterlarga javob qaytardi va g‘alabani Maradonaga bag‘ishladi

Published

on


G‘alaba golini urgan Lautaro Martines esa yig‘lab yubordi.

JCh-2026 yarimfinalida Argentina va Angliya o‘rtasida kechgan uchrashuv (2:1) kutilganidek kechdi: hissiyotli, keskin, ziddiyatlarga boy va dramatik yakun. Jamoalar birinchi bo‘limda haqiqiy qirg‘inbarot uyushtirishdi, ikkinchi bo‘limga kelibgina futbol o‘ynay boshlashdi. Va unda «Albiselesta»ning qo‘li baland keldi: janubiy amerikaliklar birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, o‘yin oxirida qo‘shimcha kuch topa olishdi va britaniyaliklar «o‘rnatgan avtobus»ni buzib o‘tishdi.

O‘yin hakam hushtagi chalinganidan keyin ham «yondi»: Janubiy Amerika vakillari bu g‘alabani Folklend urushini yodga soluvchi provokatsion plakat bilan nishonlashdi, Angliya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jud Bellinghem esa hissiyotlarini jilovlay olmadi va raqib futbolchisi Valentin Barkoning boshiga urib qoldi, g‘alaba goli muallifi Lautaro Martines intervyu vaqtida yig‘lab yubordi, himoyachi Kristian Romero esa sobiq ingliz futbolchisi Gari Nevillning tanqidiga javob qaytardi.

«Chinakam telbalik»

Ikki golli uzatmasi bilan Argentinaning navbatdagi kambekining asosiy ijodkori bo‘lgan Lionel Messi o‘yindan keyin jurnalistlar bilan gaplashdi va o‘z manziliga bildirilayotgan nafratli so‘zlarga javob qaytardi.

«Kim nima desa deyaversin. Biz kurashamiz, raqobatlashamiz va futbol o‘ynashni bilamiz. Bugun hisobda ortda qolayotgan bo‘lsak ham, Angliyaga qarshi o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Biz bu maqomga o‘z mehnatimiz bilan erishdik. Hech kim bizga hech narsani shunchaki berib qo‘ymaydi», – deya argentinaliklar sardorining so‘zlarini keltiradi insayder Fabritsio Romano.

Messi ushbu o‘yin argentinaliklar uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lganini tan olgan.

«Madhiya ijro etilayotgan vaqtdayoq bizda o‘zgacha tuyg‘ular bor edi. Birortamiz mag‘lubiyatga rozi bo‘la olmasdik, Argentina xalqi ham bu g‘alabani qattiq kutayotgandi – barcha Angliyani mag‘lub etish orzusida edi.

Finalga chiqishmi? Bunday o‘yinlarning har biri alohida o‘zgacha. Bu hissiyotlarni yana bir bor boshdan kechirish – aql bovar qilmas hodisa. O‘ylaymanki, bizning jamoa erishgan narsa – chinakam telbalik: qatorasiga ikki jahon chempionati finali.

Ochig‘ini aytsam, jahon chempionati boshlanishidan oldin biz kuchli to‘rtlikka kirishimiz, chempionlik uchun kurashishimizga ishonchim komil edi. Bu natija meni ajablantirmaydi, chunki nimalarga qodirligimizni bilaman. Muammolarimiz bor edi, lekin jamoamiz yig‘ilib, birlashsa, har qanday qiyin vaziyatdan chiqib keta oladi. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», – deya forvardning so‘zlarini keltiradi TyC Spors.

U Angliya ustidan qozonilgan g‘alabani argentinalik boshqa bir afsonaviy futbolchi – Diyego Maradonaga bag‘ishlagan.

«Ishonchim komilki, u hozir yuqorida bu lahzadan zavqlanyapti. Bu uning ham g‘alabasi. Unga quvonch hadya eta olganimizdan baxtiyorman va umid qilamanki, u o‘sha yerda buni o‘zi xohlagandek nishonlaydi va bundan zavq oladi», – deya Messidan iqtibos keltiradi Romano.

Endi Argentinani mundialning hal qiluvchi o‘yini kutmoqda. Leo finaldagi bo‘lajak raqib – Ispaniya milliy jamoasi haqida ham fikr bildirgan.

«Bu ajoyib futbolchilar va o‘z o‘yin uslubiga ega ajoyib jamoa. Ispanlarning ko‘pchiligini yaxshi bilaman, ularni diqqat bilan kuzatib boraman. Bizni juda keskin va o‘ziga xos o‘yin kutmoqda», – deya qayd etgan futbolchi.

Bellinghem – Messi bilan bahsi haqida

O‘yin vaqtida Leo va Jud Bellinghem o‘zaro bahslashib ketdi – ularning tortishuvi translatsiyaga tushib qolgan. Ammo o‘yindan keyin «Uch sherlar» futbolchisi haroratni pasaytirdi.

«Messi bilan hech qanday muammo yo‘q. Biz u bilan rikoshetni muhokama qildik, aslida u yerda hech qanday yomon ish bo‘lgani yo‘q. Kimdir pashshadan fil yasamasligi kerak, u yerda hech nima bo‘lmadi. Men uchun Leoga qarshi o‘ynash jozibali», – deya Bellinhemning so‘zlarini keltirgan Romano.

Shu bilan birga Jud o‘zi ishtirokidagi boshqa bir epizod yuzasidan izoh bermagan – u o‘yindan keyin raqiblar o‘z oldida g‘alabani nishonlayotganida ulardan biri Valentin Barkoning boshiga urgandi. Hozircha futbolchidan rasmiy izoh yo‘q, OAV esa bu borada o‘z versiyasini taqdim etmoqda.

Kadrdan ko‘rish mumkinki, katta ehtimol bilan, ingliz futbolchisi janubiy amerikaliklardan o‘ziga yoqmaydigan so‘z eshitgan va shundan keyin o‘zini tiya olmagan: u Barkoga ortdan yaqinlashadi va uning boshiga ortdan shapaloq tushiradi. Bungacha Valentinning yo‘li Bellinghem bilan tutashmagan – u butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida qolgandi.

Angliya milliy jamoasi sobiq darvozaboni Pol Robinson esa BBC efirida Barko Enso Fernandesning golini inglizlar zaxira o‘rindig‘i qarshisiga kelib nishonlagan holda provokatsiya qilganini aytib o‘tdi.

«Umid qilamanki, men bunday ahmoq bo‘lib qolmayman»

O‘yinda boshqa bahsli vaziyatlar ham bo‘ldi. Argentinaliklar g‘alabani nishonlash chog‘ida Malvin orollari (Argentina va Angliya o‘rtasidagi hududiy bahs predmeti bo‘lgan Folklend orollarining mahalliy nomlanishi) haqidagi banner bilan e’tiborni o‘ziga qaratishdi. O‘yindan keyin janubiy amerikaliklar inglizlarga «zarba berish»da davom etishdi. Masalan, Leandro Paredes jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida shunday degan: «Orollar doim Argentinaniki bo‘ladi».

Himoyachi Kristian Romero esa Angliya milliy jamoasi sobiq futbolchisi, teleekspert Gari Nevillga javob qaytardi: o‘yindan oldin u argentinaliklar mudofaa chizig‘ini tanqid qilgandi.

«Umid qilamanki, kareramni yakunlaganimda, faqat o‘yinchilarning harakatlaridan kamchilik qidiradigan ahmoq odamga aylanib qolmayman. Biz tarix yaratmoqdamiz va milliy jamoa a’zosi ekanimizdan faxrlanamiz», – degan «Tottenhem» himoyachisi.

«Bu jamoa qiyinchilikka uchraganda yaxshiroq o‘ynaydi»

O‘yindan keyingi eng hissiyotli pallalar g‘alaba goli muallifi Lautaro Martinesning intervyusi bo‘ldi. U ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.

«Otam menga birinchi butsani olib berganidan beri bu golni orzu qilardim. Bu onam uchun atalgan gol. U uydan ketgan kunimdan beri har doim yotog‘imni tayyorlardi va meni kutishda davom etardi. Bu gol men uchun finalga chiqishdan ham muhimroq», – degan forvard.

Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni yana bir bor o‘z shogirdlaridagi xarakterni e’tirof etdi.

«Bizda ajoyib jamoa bor. Bugun zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushganlar, muhim rol o‘ynashdi. Futbolda, hayotda bo‘lgani kabi, oxirigacha boringni berishing kerak. Bu jamoa qiyinchilikka duch kelganida, yaxshiroq o‘ynaydi.

Agar Enso Fernandes to‘g‘ri zarba bera olmaganida, biz yettita golli vaziyat yaratib ham 0:1 hisobida yutqazgan bo‘lardik. Biz oxirigacha taslim bo‘lmadik. Biz g‘alaba qozonganimiz uchungina emas, turli vaziyatlardan chiqib keta olganimiz uchun muvaffaqiyatlimiz. O‘ylaymanki, haqli ravishda g‘alaba qozondik. Biz keyingi sinovga tayyormiz», – degan Skaloni Argentina futbol assotsiatsiyasi saytiga.

«Argentina bejiz amaldagi chempion emasligini isbotladi»

Angliya lageridagilar, tabiiyki, butunlay boshqacha kayfiyatda. Jamoa hujumchisi va sardori Harri Keyn g‘alaba qo‘ldan boy berilganidan qattiq ranjigan.

«Yigitlar uchun, butun jamoa uchun juda og‘ir va alamli. Uchrashuvning katta qismida biz yaxshiroq harakat qildik. Ustunlikni saqlab qolishga urindik, ammo jahon chempionati yarimfinalida bu yetarli emas. Hujum ketidan hujum qilishdi va biz o‘yindagi nazoratni qaytarib ololmadik. Ozgina yetishmay qolganida, bu juda og‘riqli bo‘ladi», – degan inglizlar jamoasi sardori BBC uchun intervyusida.

Jamoa himoyachisi Den Byorn ham shunga o‘xshash fikr bildirgan.

«Jahon chempionati finaliga atigi 10-15 daqiqa qolganda, keyin yetib bora olmay qolsang, bu juda og‘riqli. Hamjihatligimiz bizni uzoqqa olib keldi va to‘g‘risini aytsam, biz buni uddalaymiz deb o‘ylagandim. Vaqtimiz kelgandek tuyulgandi. Ammo Argentina bejiz amaldagi jahon chempioni emasligini ko‘rsatib qo‘ydi», – degan Byorn Sky Spors telekanaliga.

Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxelning intervyusi esa eng shov-shuvlisi bo‘ldi. Ushbu germaniyalik mutaxassisga o‘yindan so‘ng muxlislar va ekspertlarda ko‘plab savollar to‘plangandi, u esa o‘z xatolarini tan olishdan bosh tortdi va mag‘lubiyat bilan yakunlangan yarimfinal o‘yinini Angliyaning ushbu jahon chempionatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan biri deb atadi.

«Bizda afsuslanish yo‘q. Muammo tarkibda emasdi. O‘yinning borishi butunlay o‘zgardi, lekin nima uchun buni muhokama qilishayotganini tushunaman. Mendan yaxshiroq bilaman deb o‘ylaydigan millionlab murabbiylar bor. Men ular bilan hamma narsani muhokama qilishim mumkin edi, lekin qarorni o‘zim qabul qilishim kerak», – deya qayd etgan mutaxassis.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version