Iqtisodiyot

“Necha marta sarson bo‘lib pulini to‘ladik, tasdiq kelmadi”

Published

on


Umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda peshlavhalar muammosi ko‘tarildi. Tadbirkor hali dizayn kod kuchga kirmay turib, peshlavhalar olib tashlanayotgani, biroq yechim berilmayotganiga e’tiroz bildirdi. “Necha marta borib sarson bo‘lib topshirganmiz, pulini ham to‘lab keldik. Tasdiq hali kelmaydi, biz hali o‘zimiz hal qilib olganimiz yo‘q deyishdi”, dedi u.

Illyustrativ foto: Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati

21 aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasidagi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, biznes ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muloqotda tadbirkorlardan biri Toshkent shahrida peshlavhalar olib tashlanayotgani haqida e’tirozlarini bildirdi.

“Hammani qiynab yuborgan peshlavhalar masalasi. Hali o‘zlari “guide book” qilishmagan, topshirsangiz, tasdiq kelmaydi. Biz o‘zimiz hali qilmaganmiz, deyishadi. Siz endi peshlavhangizni olib tashlashingiz kerak, nomsiz ishlashingiz kerak. Yunusobodda ham, Chilonzorda ham bo‘ldi. Necha marta borib, sarson bo‘lib topshirganmiz, pulini ham to‘lab keldik. Oxiri aytishdiki, tasdiq hali kelmaydi, biz hali o‘zimiz hal qilib olganimiz yo‘q, deyishadi.


Hamma peshlavhalarni olib tashlaymiz-da, keyin bo‘sh binolar rasmiga qarab dizayn kod qilib chiqamiz, deyishyapti. Bitta knopka bilan qilsa bo‘ladigan narsani qilish imkoni yo‘q ekan”, – dedi tadbirkor.

SSP raisi Davron Vahobov tadbirkorlardan peshlavhalar bo‘yicha aniq takliflar berishni so‘radi.

“Bir tarafdan bu narsa qaysidir ma’noda to‘g‘ri. Sababi biz Toshkentning yuzimiz. Shaharga chiqinglar… Men yaqinda Belarusga bordim, hammasi bir xil yozilgan. Birlashib, o‘zimizning fikrimizni olib chiqaylik”, – dedi Vahobov.


Farrux Po‘latov va Davron Vahobov

Tadbirkor fikricha, avval dizayn kod chiqarilib, keyin tadbirkorlarga peshlavhalar uchun tavsiya berilishi kerak.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ayrim peshlavhalar “Angrendan ko‘rinishi”ga urg‘u berib, bir xil dizayn kod bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq mashhur umumiy ovqatlanish tarmoqlari – Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns peshlavhalar olib tashlanayotgani bo‘yicha jamoaviy murojaat bilan chiqqan edi.

Ular bu amaliyot belgilangan tartib va protsessual talablarga zid ekanini, ayrim hollarda esa ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilariga ham ta’sir qilib, biznes identifikatsiyasi va intellektual mulk huquqlarini cheklayotganini qayd etgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version