Jamiyat
Nazorat xaridlarida 482 nomdagi sifatsiz mahsulotlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida muntazam nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda ekspertizadan o‘tkazilib, davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablari asosida baholanadi.
2021–2025-yillar hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida respublika bo‘yicha qariyb 2 600 nomdagi xalq iste’moli mahsuloti tekshirildi. Tahlillar natijasida 482 nomdagi mahsulot belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanib, ularni ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
E’tiborli jihati shundaki, talablarga javob bermagan mahsulotlar orasida dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari ulushi yuqori bo‘lgan.
Nazorat xaridlari natijalari yillar kesimida ham mahsulotlar sifati bilan bog‘liq holatlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. 2021-yilda 182 ta mahsulot tekshirilib, 43 tasida nomuvofiqlik aniqlangan. 2022-yilda 242 ta mahsulotdan 55 tasi talablarga javob bermagan.
2023-yilda tekshirilgan 397 ta mahsulotning 26 tasida kamchilik qayd etilgan bo‘lsa, 2024-yilda 560 ta mahsulotdan 110 tasi sifat talablariga mos kelmagan. 2025 yilda esa 822 ta mahsulot ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 201 tasida qonunchilik va standart talablari buzilgani ma’lum bo‘lgan.
2026-yilning birinchi yarim yilligida 394 ta mahsulot nazorat xarididan o‘tkazilib, 47 tasi normativ-texnik talablarga javob bermasligi aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, nazorat xaridlarining asosiy qismi qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari(15,6 foiz), dori vositalari(10,4 foiz), konservalangan mahsulotlar(9,6 foiz), yoqilg‘i-moylash materiallari(9 foiz), sut mahsulotlari(7,9 foiz), osh tuzi(7,1 foiz) va un mahsulotlari(5,7 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2026-yilning o‘tgan olti oyida «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida 43 turdagi qariyb 400 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi. Natijada talablarga javob bermagan 47 nomdagi mahsulot bo‘yicha materiallar savdodan qaytarib olish va qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasiga yuborildi.