Jamiyat

Navoiydagi qattiq tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum shifoxonada vafot etdi

Published

on


Mahkum Shuhrat Sotvoldiyev 23 noyabr kuni koloniya mas’ul xodimlari kuzatuvi ostida RShTYoIM Navoiy viloyat filialiga olib kelingan. Oradan 4 kun o‘tib, u vafot etdi. Marhumning yaqinlari Sotvoldiyev koloniyada kaltaklanganini aytmoqda. Navoiy maxsus prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazyapti.

Navoiydagi 11-son JIEKda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Shuhrat Sotvoldiyev shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Kun.uz’ga marhumning yaqinlari xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiydagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Shuhrat Sotvoldiyev sog‘lig‘i yomonlashgani sababli kasalxonaga olib kelingani, uning oila a’zolari ichkariga kiritilmayotgani, mahkumga tan jarohati yetkazilgani bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.

Unga ko‘ra, mahkum Shuhrat Sotvoldiyev sog‘lig‘i yomonlashgani sababli 23 noyabr kuni koloniya mas’ul xodimlari kuzatuvi ostida RShTYoIM Navoiy viloyat filialiga olib kelingan. Sog‘lig‘i yomonligi sababli mahkumning oila a’zolariga ham xabar berilgan. Unga “ikki tomonlama bronxopnevmoniya og‘ir kechishi” tashxisi qo‘yilgan.

Mahkum jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalinganligi sababli 11-son JIEKning taqdimnomasiga asosan JIB Navoiy shahar sudi 26 noyabr kuni Shuhrat Sotvoldiyevni Jinoyat kodeksining 75-moddasi 1-qismi tartibida jazodan ozod etish haqida ajrim chiqargan.

“27 noyabr kuni sobiq mahkumning ukasi Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakiliga murojaat qildi. Mintaqaviy vakil shu kunning o‘zida shifoxonaga borib, fuqarodan xabar oldi va vaziyatni o‘rgandi”, deyiladi Ombudsman rasmiy munosabatida.

Shuningdek, holat yuzasidan Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Navoiy viloyati prokuraturasi ham holat bo‘yicha rasmiy bayonot bergandi. Unda tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi bildirilgan.

Shuhrat Sotvoldiyev ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay 27 noyabr kuni vafot etgan.

“Dadamning oldiga 24 noyabr kuni kirdim. Bo‘yin shishi va holatiga qarab, shifokorlarga dadamni urishganini, qovurg‘alari singanini aytdim. Lekin ular yashirishdi. Tahlil javoblarini beringlar, boshqa shifokorlarga ham ko‘rsatay, deya iltimos qildim, yalinib-yolvordim. Ammo aldashdi. Kaltaklashgan bo‘lsa ham vaqtida olib kelishganida, shifokorlar ulardan emas, ichgan qasamidan ko‘proq qo‘rqishganida balki dadam tuzalib ketardi”, deydi marhumning qizi.

Ma’lumot uchun, Shuhrat Sotvoldiyevga JIB Quvasoy shahar sudining 2025 yil 15 apreldagi hukmi bilan 9,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U firibgarlik hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilangan. Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 17 iyuldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan.

Shuhrat Sotvoldiyev 5 yil oldin 9 mlrd so‘m haqini ololmayotgani ortidan Yoshlar ittifoqi (hozirgi Yoshlar ishlari agentligi) Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e’lon qilmoqchi bo‘lgandi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version