Jamiyat

Navoiyda sirena o‘rnatgan haydovchi harakatlariga chek qo‘yildi

Published

on


Navoiy shahrida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan reyd vaqtida yo‘l harakati qoidalarini qasddan buzish holati aniqlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Navoiy viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qildi.

Reyd davomida «Lasetti» rusumli avtomobil haydovchisi o‘zboshimchalik bilan transport vositasiga sirena moslamasini o‘rnatib, harakatlanib yurgan. YHXX inspektorlari tomonidan haydovchining harakati darhol to‘xtatilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasiga asosan, bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tekshiruv jarayonida sirena moslamasini haydovchiga yaqin tanishi noqonuniy ravishda o‘rnatib bergani ma’lum bo‘ldi. U «do‘sti so‘ragani uchun yordam qilgani»ni, sirena o‘rnatish qonun bilan cheklanganini esa bilmaganini bildirgan. Haydovchi va unga xizmat ko‘rsatgan shaxs IIB binosiga chaqirilib, qoidabuzarlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

– Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ikki shaxsga ham qonun talablari tushuntirildi, bu kabi harakatlar yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qat’iy uqtirildi. Shu bilan birga, qayta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymasliklari qat’iy tarzda eslatib o‘tildi, – dedi Fayozjon Qosimov.

Navoiy viloyat IIB aholini qonunga rioya qilishga, transport vositalariga noqonuniy moslamalar o‘rnatmaslikka hamda YHXX inspektorlari talablariga qat’iy amal qilishga chaqiradi. Reyd tadbirlari esa jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida davom ettiriladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version