Jamiyat
Navoiyda maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi mashina YTHga uchradi
Hodisa Karmana tumanida sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 16 yoshli yigit vafot etgan. Yana bir o‘quvchi shifoxonada qolmoqda.
Karmana tumanida maktab o‘quvchilari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH 22 aprel kuni soat 21:00 lar atrofida tumanning Malik mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ichida Hazora qishlog‘idagi 22-umumta’lim maktabining ikki o‘quvchisi bo‘lgan Cobalt yo‘ldan chiqib ketgan.
YTH oqibatida 9-sinf o‘quvchisi I.H. shifoxonada vafot etgan. 11-sinf o‘quvchisi esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Navoiy viloyati IIB YHXB maktabda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazgan.
Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, mashina shifoxonadagi o‘quvchining otasiga tegishli bo‘lgan. Biroq u rulni sherigiga berganini aytmoqda. Mashinani kim boshqarganini aniqlash uchun ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Avvalroq Navoiyda YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘lgandi.