Jamiyat
Navoiyda IIB tergovchisi pora olishda qo‘lga tushdi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi xizmat mavqeidan foydalanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan mobil telefonni qaytarib berish evaziga pora olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qiziltepa tumani IIB Tergov guruhi katta tergovchisining qonunga zid harakatlari fosh etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul kuni ichki ishlar organlari tomonidan telefoni xotirasida taqiqlangan diniy materiallar bo‘lishi ehtimoli bilan 2003 yilda tug‘ilgan fuqaroning iPhone 17 Pro Max rusumli telefoni olib qo‘yilgan.
Tergovchi mazkur telefonni egasiga qaytarib berish evaziga ikki nafar vositachi orqali 1000 AQSh dollari olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.