Jamiyat

Narkojinoyatlar uchun shartli ozod qilish tartibi cheklanadi

Published

on


O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida javobgarlik choralari yanada qat’iylashtirilmoqda. Yangi qonunga ko‘ra, o‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanmaydi.

Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda dunyoda sintetik narkotiklar tarqalishi va narkomaniya xavfi kuchayib borayotgani sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgan.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, nafaqat giyohvandlik vositalari, balki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Shuningdek, qonunchilikda ilk bor g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik va uning faoliyatini ta’minlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini internet orqali tarqatish va targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritilmoqda. Ta’lim muassasalari, oromgohlar va yotoqxonalar yaqinida sodir etilgan narkojinoyatlar uchun esa jazo choralari yanada kuchaytiriladi.

Senatorlar fikricha, mazkur qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirish, “narkotiklardan holi muhit” yaratish hamda yoshlarni giyohvandlik balosidan asrashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version