Iqtisodiyot
Naqdsiz to‘lov joriy etilgach, «zapravka»lar tushumi qanchalik o‘zgardi?
Joriy yilning 1-13 may kunlari davomida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida amalga oshirilgan to‘lovlar natijasida jami tushumlar 1,42 trln so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Ushbu davrda kunlik o‘rtacha tushum 109,0 mlrd so‘mni tashkil qildi. Tranzaksiyalar soni esa jami 10,1 mln, kunlik o‘rtacha 777,9 mingtani tashkil etdi.
Taqqoslash uchun, mart oyida o‘rtacha kunlik tushum 102,7 mlrd so‘m bo‘lgan. May oyida tushumlar hajmi kunlik 6,3 mlrdga oshgan.
Tushumlar tarkibi tahlili shuni ko‘rsatadiki, 89,9 % amaldagi bank kartalari orqali (mavjud kartalar orqali — 85,2%, QR kodlar orqali — 4,6%), moment kartalar orqali 7,2% hamda yoqilg‘i kartalari orqali 2,9% to‘lovlar amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab qator to‘lovlar, jumladan yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tgan.