Iqtisodiyot

Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Published

on


«Uzbekistan Airports» AJ Jiangxi International Cargo Airlines va Beijing Capital Airlines vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar Nankin (Xitoy) va Toshkent o‘rtasida muntazam yuk qatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, parvozlarni 2026 yil 12 oktyabrdan boshlab, haftasiga uch marta amalga oshirish rejalashtirilgan. Qatnovlar uchun Airbus A330 yuk samolyotlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Yuk tashuvlari har ikki yo‘nalishda amalga oshirilishi kutilmoqda. Yuklarning asosiy turlari transchegaraviy elektron tijorat uskunalari va tovarlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Uchrashuv davomida tomonlar yangi yo‘nalishni ishga tushirish bilan bog‘liq tijoriy va operatsion masalalarni, jumladan, aeroport, yerdagi va omborxona xizmatlari ko‘rsatish, havo kemalariga yonilg‘i quyish shartlari, shuningdek, zarur infratuzilma va xodimlarni tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdi.

Nankin — Sharqiy Xitoyning yirik tarixiy, sanoat va logistika markazi, Szyansu provinsiyasining poytaxtidir. Shahar Yanszi daryosi bo‘yida, Shanxaydan taxminan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan. Nankin va Toshkent o‘rtasida muntazam yuk reyslarining yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk aviatashuvlari geografiyasini kengaytirishga, shuningdek, savdo-logistika aloqalari va elektron tijoratni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version