Jamiyat
Namanganlik otaxonga 86 yoshida tug‘ilganlik guvohnomasi berildi
Namanganlik Alixon ota 86 yoshida huquqiy hujjatga ega bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati adliya boshqarmasi xabar berdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yana bir masala ijobiy hal etildi. 1937-yilda tug‘ilgan fuqaro Alixon ota Zaripovning tug‘ilganlik dalolatnoma yozuvi mavjud emasligi sababli u uzoq yillar davomida tegishli hujjatsiz yashab kelgan.
Mazkur holat fuqaroga bir qator ijtimoiy va huquqiy xizmatlardan to‘liq foydalanishda qiyinchiliklar tug‘dirib kelgan. Muammo tegishli tartibda o‘rganilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga murojaat qilindi.
Sud tomonidan ish atroflicha ko‘rib chiqilib, fuqaroning tug‘ilganlik holatini tasdiqlovchi dalillar asosida tug‘ilganlik qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan Alixon ota Zaripovning tug‘ilishi belgilangan tartibda qayta tiklanib, unga tug‘ilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Ushbu amaliy yordam natijasida fuqaroning huquqiy maqomi tiklanib, endilikda u davlat xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.