Jamiyat
Namanganda sof oltin, Toshkentda kumush savdosi to‘xtatildi
Namangan viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qonuniga xilof ravishda quyma oltin va kumush savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda noqonuniy qimmatbaho metall savdosi holatlari fosh etildi.
Xususan, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.N. va M.M. bir dona sof quyma oltinni fuqaro G.R.ga 8 500 AQSh dollari va 420 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur quyma 88,97 gramm og‘irlikda bo‘lib, uning tarkibida 99,5 foiz sof oltin mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar S.M., F.M. va boshqalar jami 11 dona bo‘lakdan iborat, umumiy og‘irligi 11,5 kilogramm bo‘lgan kumushni fuqaro M.S.ga 35 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.