Jamiyat
Namanganda qalbaki dollar sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Yangiqo‘rg‘on va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi shaxslar qalbaki 100 ming dollarni sotishga urinishgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida qalbaki valutalar xorijda tayyorlanib, aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga olib kelingani aniqlangan.
Namanganda qalbaki valuta savdogarlari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 34 va 31 yoshli hamda To‘raqo‘rg‘onda istiqomat qiluvchi 46 yoshli fuqarolar qalbaki 100 ming dollarni haqiqiy 40 ming dollarga sotishni rejalashtirgan.
Ular qalbaki 80 ming dollarni 40 ming dollarga sotgan vaqtlarida DXX Toshkent va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu soxta valutalar xorijda tayyorlanib, aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga olib kelingani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq 120 ming dollarlik qalbaki pulni sotishga uringanlar qo‘lga olingandi.