Jamiyat
Namanganda hokim yordamchisi va kadastr xodimi ushlandi
Namangan viloyati Pop tumanida mahallada hokim yordamchisi hamda Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali xodimi yer maydonlarini “tanishlari orqali” xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilib, fuqarolardan pul talab qilgan holatlar bo‘yicha ushlangan. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati Pop tumanida mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 49 yil muddatga ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishini aytgan. Shuningdek, ushbu yerning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hokim yordamchisi oldindan 1000 AQSh dollarini o‘zining 1990 yilda tug‘ilgan tanishi orqali olgan vaqtda noqonuniy harakatlarga chek qo‘yildi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, boshqa holatda Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali ishchisi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni mansabdor tanishlari orqali fuqaro nomiga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSh dollari va 4,8 mln so‘m olgan vaqtida DXX, IIV hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan kadastr xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.