Iqtisodiyot
Namanganda Hindistonning yirik tibbiyot kompaniyasi bilan 50 mln dollarlik kelishuv imzolandi
Namangan viloyati hokimligi hamda Hindistonning «Krsnaa Diagnostics Ltd» kompaniyasi o‘rtasida 50 mln AQSh dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur hujjat Namangan viloyatida tibbiyot sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va zamonaviy diagnostika xizmatlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xorijiy delegatsiyani qabul qildi va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Suhbat konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgani ta’kidlandi.
«Krsnaa Diagnostics Ltd» farmatsevtika va diagnostika sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Hindistonning 150 dan ortiq tumanlarida 2000 dan ziyod diagnostika markazlari va laboratoriyalar tarmog‘ini shakllantirgan. Shuningdek, uning ixtiyorida 150 dan ortiq kompyuter tomografiya uskunalari, 100 dan ortiq MRT apparatlari hamda 1800 dan ziyod rentgen markazlari mavjud.
Kompaniya vakillari avvalroq Namangan viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan tanishib, mavjud sharoitlarni o‘rgangani ma’lum qilindi.
Imzolangan memorandum 2026–2028-yillar davomida amalga oshiriladigan loyihalarni qamrab oladi.