Sport

«MYu» kuchli uchlikda, Rafinyada het-trik

Published

on


«Liverpul» so‘nggi daqiqada g‘alabani qo‘ldan chiqardi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarila olmadi; «Barselona» «Real» bilan oradagi to‘rt ochkolik farqni tikladi.

Angliya: Fernandesh va Kazemironing rekordlari

«Manchester Yunayted» – «Aston Villa» 3:1

Gollar: Kazemiro, 53 (1:0). Barkli, 64 (1:1). Kunya, 71 (2:1). Sheshko, 81 (3:1)

«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Yoro, Shou, Dalot, Kazemiro (Ugarte, 90+1), Maynu, Brunu Fernandesh, Kunya, Diallo, Mbemo (Sheshko, 75)

«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Din (Matsen, 82), Bogard, Barkli (Duglas Luis, 82), Onana, Makginn (Beyli, 61), Buendiya (Garsiya, 86), Rodjyers, Uotkins (Abraham, 60)

Ogohlantirishlar: Kazemiro, 60. Yoro, 72. Maguayr, 90 – Uotkins, 41. Buendiya, 69

Angliyada «Liverpul» va «Tottenhem» to‘qnashuvi ko‘pchilik tomonidan yakshanba oqshomidagi markaziy bahs sifatida qaralgan bo‘lsa-da, turnir jadvalidagi vaziyat jihatidan «Old Trafford»dagi o‘yinga ham e’tibor katta edi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi bu jamoalar «Chelsi»ning shanba kungi yo‘qotishidan foydalanib, oldinga chiqib ketish imkoniyatiga ega edi. Ammo mas’uliyat yuqoriligi o‘yinning tomoshabopligiga zarar yetkazdi, ayniqsa «Aston Villa» ancha ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi.

Birminghemliklar jamoasi birinchi bo‘limda birorta xavfli vaziyat yaratmadi. «MYu» esa taxminan 20-daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi va muvaffaqiyatli pressing evaziga bosimni oshirdi. Buning ortidan mezbonlar ikkita xavfli vaziyatlarga ham ega bo‘ldi. Birinchi holatda standart vaziyatda Maguayr to‘pni Dialloga qulay qilib tashlab berdi, ammo Martines bosh bilan uzoq burchagiga yo‘llagan murakkab zarbani qaytarib qoldi. Ikkinchi holatda esa Diogu Dalotning qulay nuqtadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p yuqoriga ketib qoldi.

«Qizil iblislar» tanaffusdan keyin bosimni yanada kuchaytirdi, 53-daqiqada Fernandeshning burchakdan uzatmasini Kazemiro golga aylantirdi. Braziliyalik yarimhimoyachi uchun bu joriy mavsumdagi yettinchi gol bo‘ldi va u «Real»dagi faoliyatida qayd etgan eng yaxshi natijasini yaxshiladi, e’tiborli jihati bu gollardan beshtasida unga Fernandesh assistentlik qilgan.

Portugaliyalik sardor bu orqali mavsumdagi golli uzatmalari sonini 15 taga yetkazdi va bu borada klub rekordini takrorladi (Bekhemda ham 1999/2000 yillar mavsumida 15 ta assist bo‘lgan).

Lekin o‘tkazib yuborilgan gol «Villa»ni uyg‘otib yubordi. Mehmonlar diqqatni jamlab oldi va jiddiy kurash taklif eta boshladi. Avvaliga Onana xavfli zarba berganida Lammens o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Keyin esa uzoq cho‘zilgan hujumlardan biri Barkli Dinning qanotdan uzatmasini golga aylantirishi bilan yakunlandi – 1:1.

Mehmonlar muvaffaqiyatni rivojlantirishga urinib, yana ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Ammo bu o‘z navbatida jamoa himoyasida bo‘shliqlar yuzaga kelishiga olib keldi va mezbonlar bundan foydalandi. Fernandesh himoyachilar ortiga ochilayotgan Kunyani o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minladi va golli assistlar soni bo‘yicha klub rekordini yangilab qo‘ydi. Endi uning qarshisida APL rekordini yangilash (bu boradagi rekord Anri va De Bryuynega tegishli – 20 tadan assist) vazifasi turibdi.

Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Sheshko esa navbatdagi golini urdi va yakuniy natijani o‘rnatdi. Bu g‘alabadan keyin Maykl Kerrik jamoasi uchinchi o‘rinni mustahkamladi va ikkinchi o‘rin uchun kurashga qo‘shildi. Endi «Siti» bilan oradagi farq 7 ochkoni tashkil etmoqda. Qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatdan keyin uchinchi o‘rindan uch ochkoga ortda qolayotgan «Villa» esa «Chelsi» va «Liverpul»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.

«Liverpul» – «Tottenhem» 1:1

Gollar: Soboslai, 18 (1:0). Risharlison, 90 (1:1)

«Liverpul»: Alisson, Gomes, van Deyk, Roberson, Soboslai, Makallister (Kiyeza, 90+1), Gravenberh, Virs (Jons, 64), Ngumoha (Saloh, 64), Frimpong (Ekitike, 64), Gakpo (Nioni, 83)

«Tottenhem Hotspur»: Vikario, Dregushin, Danso, Spens (Olusesi, 76), Porro, Grey, Sarr, Tel (Kolo Muani, 75), Souza (Simons, 56), Risharlison (Rouzvell, 90+6), Solanke

«Tottenhem»da kadrlar muammosi davom etmoqda. Bu o‘yindan oldin jamoa xizmatlaridan foydalana olmaydigan futbolchilar soni 12 nafarga yetgandi. Natijada 19 yoshli Souza asosiy tarkibda debyut qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, «Tottenhem» qaydnomasida bir necha bo‘sh joy qolib ketdi. Jamoa zaxira o‘rindig‘idagi maydon futbolchilari soni «Liverpul»nikiga qaraganda uchta kam edi. Va bu besh kishi Kolo Muani, Simons va 19 yoshli yuniorlar edi.

Lekin bungacha qatorasiga olti o‘yinda yutqazgan «Tottenhem» tarkibdagi muammolariga qaramay «Enfild»da munosib o‘yin ko‘rsatdi. Mehmonlar birinchi bo‘limda raqibga qaraganda faolroq harakat qilishdi va bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi. Souzaning o‘zi ikki gol urishi mumkin edi – u avvaliga Solankening qanotdan uzatmasini darvozaga to‘g‘rilab yubora olmadi, keyin esa uning olis masofadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘sin ostiga kirib ketayotgan to‘pni Alisson qaytarib qoldi.

Ammo 20-daqiqada aynan Souza jarima maydoni yaqinida fol ishlatdi va to‘pga Soboslai yaqinlashdi. Vengriyalik yarimhimoyachi bu mavsumda jarima zarbalarini ajoyib ijro etishi bilan ajralib turibdi. U bu safar ham to‘pni to‘g‘ri darvoza to‘riga yig‘ladi va bu uning APL joriy mavsumida jarima zarbasidan urilgan to‘rtinchi goli bo‘ldi – bu «Liverpul» uchun rekord ko‘rsatkich.

Soboslai APL rekordini takrorlashi uchun yana bitta shunday gol kerak – ligada bir mavsumda jarimadan beshta golni faqat David Bekhem va Lauren Robert urishgan.

Shundan keyin «Liverpul» ikkinchi golni urib, o‘yin taqdirini hal qilishga urindi, chap qanotda boshlang‘ich tarkibda tushgan 17 yoshli Ngumoha faollik ko‘rsatdi, 36-daqiqada esa Gakpo olis masofadan yerlatib kuchli zarba berdi, Vikario bu safar ishonchli harakat qildi va to‘pni ustun tomon burib yubordi.

Bo‘lim oxirida esa yana mehmonlar faollashdi, Risharlison ikki bor boshda zarba yo‘lladi, ammo unga biroz aniqlik yetishmadi. Ushbu braziliyalik hujumchi ikkinchi bo‘lim boshida hisobni tenglashtirishga yaqin keldi, ammo yana Alisson o‘zini ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga borib jamoalar maydon markazini unutgan holda o‘ynashga o‘tishdi va ikki darvoza oldida navbati bilan xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Slot Ekitike va Salohni jangga tashladi: «Liverpul» vaziyatlar yaratishda davom etdi, ammo to‘p darvozaga kirishni xohlamadi.

«Tottenhem» ham taslim bo‘lishni istamadi va o‘yin oxirida to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi. 90-daqiqada raqib jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Risharlison baribir o‘z maqsadiga erishdi va hisobni tenglashtirdi. «Liverpul» esa 90+5-daqiqada baribir g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin edi, ammo Ekitike «to‘rtga ikki» nisbatidagi qarshi hujumni aniq zarba bilan yakunlay olmadi.

«Liverpul» bu muvaffaqiyatsizlikdan keyin to‘rtinchi o‘ringa chiqa olmadi, lekin «Chelsi»ning bir kun oldingi mag‘lubiyati tufayli beshinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. «Tottenhem» esa uzoq kutilgan ochko evaziga xavfli zonaga tushib ketmaydigan bo‘ldi.

Ispaniya: Gavining qaytishi

«Barselona» – «Sevilya» 5:2

Gollar: Rafinya, 9 – penalti (1:0). Rafinya, 21 – penalti (2:0). Olmo, 38 (3:0). Oso, 45 (3:1). Rafinya, 51 (4:1). Joau Kanselu, 60 (5:1). Sou, 90 (5:2)

«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu (Arauxo, 66), Espart, Bernal (Yamal, 67), Olmo, Pedri (Fermin Lopes, 46), Rafinya (Gavi, 82), Barji (Kasado, 67), Levandovski

«Sevilya»: Vlahodimos, Nyanzu (Kastrin, 70), Gudel, Suaso (Vargas, 46), X. Sanches, Agume (Manu Bueno, 78), Sou, A. Sanches, Oso, Karmona (Mope, 46), Adams (Edjuke, 46)

Ogohlantirish: Suaso, 37

Birinchi davrada «Sevilya»dan uchralgan mag‘lubiyat (1:4) «Barselona» uchun joriy mavsumdagi eng og‘riqlisi bo‘lgandi. «Kamp Nou»dagi o‘yinda kataloniyaliklar o‘sha zarbani unutmaganini ko‘rsatib qo‘yishdi. O‘yin startidayoq hujumga qo‘shilgan Joau Kanselu jarima maydoni ichida Agumeni o‘ziga nisbatan fol ishlatishga majbur qildi va belgilangan penaltini Rafinya aniq ijro etdi.

Hansi Flik jamoasi Yamalning maydonda yo‘qligini sezdirmadi va bo‘lim o‘rtalarida Kanselu ikkinchi bor penalti ishladi – unga aldanib, gazonga yotgan himoyachi to‘pni qo‘li bilan to‘xtatib qoldi.

Rafinya bu safar ham 11 metrlik nuqtadan aniq zarba yo‘lladi. Bo‘lim oxirida esa andalusiyaliklar Olmoga qulay nuqtadan zarba berishga to‘sqinlik qila olishmadi va hisob yirik ko‘rinish oldi. Shundan keyin amalda «Barsa» bu turni ham turnir jadvalida to‘rt ochkolik farq bilan yakunlashiga hech kimda shubha qolmadi.

Hansi Flik shogirdlari ikki bo‘lim oxirida bittadan gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, o‘yinni to‘liq nazorat qildi va yirik hisobda g‘alaba qozonishni uddaladi. Ikkinchi bo‘lim boshida Rafinya «Barsa» safida uchinchi het-trigini nishonladi. Keyin esa Kanselu ham o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. O‘yin oxirlarida kataloniyalik muxlislarni xursand qilgan yana bir voqea ro‘y berdi: og‘ir jarohat tufayli 204 kundan buyon o‘ynamagan Gavi olqishlar ostida maydonga tushib keldi va Arauxodan sardorlik bog‘ichini qabul qilib oldi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version