Iqtisodiyot
Muvaffaqiyatsiz xususiylashtirishdan keyin davlat ixtiyoriga qaytarilgan «Kvars» zavodi yana foyda bilan ishlay boshladi
2025 yilning yakunlariga ko‘ra, «Kvars» AJning sof foydasi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Kompaniya 2023 yilning fevralida 3 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan 268 mlrd so‘mga xususiylashtirilgandi. Shundan keyin zavod 2023 yilni 21,7 mlrd, 2024 yilni esa 142 mlrd so‘m zarar bilan yakunladi. 2025 yilning fevral oyida «Kvars» AJ yana davlat ixtiyoriga qaytarilgandi.
2025 yilning yakunlariga ko‘ra, «Kvars» AJning sof foydasi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, zavod 2024 yilni 142 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagandi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda kompaniyaning yillik sof tushumi 593,4 mlrd so‘m (+13,7 foiz) bo‘lgan bo‘lsa, ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada 503 mlrd so‘mdan 454,4 mlrd so‘mga qisqargan.
Yil yakuniga kelib uzoq muddatli kreditlar hajmi 195,3 mlrddan 87,6 mlrd so‘mga, qisqa muddatli kreditlar va qarzlar esa 126,6 mlrd so‘mdan 95,7 mlrd so‘mga kamaygan.
Omadsiz xususiylashtirish
Bundan 3 yil avval, 2023 yilning fevralida «Kvars» AJ ustav kapitalidagi 89,7 foiz davlat ulushi 265 mlrd so‘mga «Quvasoysement» AJga sotilgandi.
Kelishuvga ko‘ra, xaridor 2018-2021 yillarda «Kvars» tomonidan jalb qilingan 47,2 mln yevro miqdoridagi kredit mablag‘larini 2026 yil yakuniga qadar so‘ndirishi ham kerak edi.
Kompaniya 2024 yilni 142 mlrd so‘m, 2023 yilni esa 21,7 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan. Xususiylashtirilishdan oldingi yillarda esa foyda ko‘rib ishlagan: 2021 yilda kompaniyaning sof foydasi 54,7 mlrd so‘mni, 2022 yilda 64,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shundan keyin 2025 yil 14 fevralda xaridor shartnomaviy majburiyatlarini bajarishda qiyinchiliklarga uchragani sababli oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi. O‘z navbatida katta zararga kirib ketgan zavodni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilishi ham ma’lum qilingandi.
Ma’lumot uchun, 1975 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «Kvars» – shisha idishlar, avtosanoat uchun oynalar va boshqa qator turdagi shisha mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Markaziy Osiyodagi eng yirik zavod hisoblanadi.