Dunyodan
Musulmon dunyosi AQSh elchisining Isroil iddaolariga munosabat bildirmoqda
AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabining “Yaqin Sharqdagi yahudiy davlatining hududiga bo‘lgan huquqi” haqidagi so‘zlari musulmon dunyosida shov-shuvga sabab bo‘ldi (elchi bu da’voni jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida aytdi, tahr.).
Shu munosabat bilan 14 arab-islom davlati, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi qo‘shma bayonot bilan chiqdi, deb xabar berdi Saudiya Arabistonining Al Arabiya telekanali.
Ommaviy norozilikka Saudiya Arabistoni, Iordaniya, BAA, Qatar, Indoneziya, Pokiston, Misr, Turkiya, Suriya, Falastin, Quvayt, Livan, Ummon va Bahrayn tashqi ishlar vazirliklari qo‘shildi.
Bayonotga koʻra, AQSh elchisining soʻzlari xalqaro huquq meʼyorlarini buzadi va mintaqadagi vaziyatni yomonlashtirishi hamda Falastin-Isroil mojarosini tinch yoʻl bilan hal qilish imkoniyatiga putur etkazishi mumkin. Islom davlatlari va xalqaro tashkilotlar bu chiqishlarni Isroilning bosib olingan hududlardagi noqonuniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sifatida baholadi.
Hujjatda AQSh ma’muriyati xalqaro rezolyutsiyalarga rioya qilishga va mintaqada adolatli tinchlik o‘rnatilishiga putur yetkazuvchi bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirilgan.