Sport
Murodjon Ahmadaliyev mutlaq jahon chempionligi uchun jangda hakamlar qaroriga ko‘ra yutqazdi
Sensatsiya ro‘y bermadi va Inoue kamarlarini o‘zida saqlab qoldi.
14 sentabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahridagi «Aiti Interneshnl — Ay-Ji Arena»da ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) mutlaq jahon chempioni, yaponiyalik Naoya Inoue O‘zbekiston vakili, WBA liniyasi bo‘yicha majburiy da’vogar Murodjon Ahmadaliyevga qarshi titul himoyasi jangini o‘tkazdi.
Dastlabki raundlarda teng kurash kechdi. To‘rtinchi raunddan Ahmadaliyev hujumkorlikni oshirib, bir necha aniq zarbalar yo‘lladi. Ammo tajribali raqib o‘zini yo‘qotmadi va xavfli qarshi hujumlari bilan ustunlikni saqlab qoldi.
Jang to‘liq 12 raund davom etdi va yakunda barcha hakamlar yaponiyalik yulduz bokschining g‘alabasini qayd etishdi. Arbitrlardan biri faqat uch raundni, yana ikkisi ikkitadan raundni Murodjon hisobiga yozishgan.
Shu tariqa, «Monstr» laqabli yaponiyalik bokschi professional ringdagi g‘alabali seriyasini davom ettirdi – 31 jangda 31 g‘alaba, 27 tasi nokaut bilan. U oxirgi bor 2019 yilda, Jahon boks superseriyasi finalida filippinlik Nonito Donerga qarshi to‘liq 12 raundlik jang o‘tkazgan, shundan keyingi barcha raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgandi.
Murodjon uchun bu profi boksda 16 jangdagi ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Inoue The Ring jurnalining P4P reytingida uchinchi o‘rinda qayd etilgan: undan oldinda faqat Oleksandr Usik va Terens Krouford joylashgan.