Sport
Mundial chiptalari nega rekord darajada qimmatlashib ketdi?
Foto: Jonathan Ernst/Reuters
FIFAning yangi biznes modeli muxlislarni ranjityapti. Inflatsiyani hisobga olgan taqdirda ham, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan bu galgi jahon chempionati chiptalari narxi 2022 yil Qatardagi turnirdan ikki baravar, 1994 yil AQShdagi musobaqaga nisbatan esa qariyb to‘rt baravar qimmatroq. The Economist’ning yozishicha, o‘zgargan narx siyosati katta tavakkalga asoslangan. Chiptalar hali to‘liq sotilib bo‘lingani yo‘q va mezbon shaharlardagi mehmonxonalar to‘lmagan. Yuqori narxlar savdo pasayishi oqibatida yuzaga kelgan zararni qoplasa ham, FIFAning ko‘proq daromad keltiradigan boshqa manbalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantino FIFAni “dunyoga baxt ulashuvchi tashkilot” deya ta’riflaydi. Ammo, bu yil Shimoliy Amerikada o‘tadigan Jahon chempionatida bu “baxt” qimmatga tushishi mumkin, deb yozadi The Economist.
Mundial guruh bosqichi o‘yinlari uchun eng arzon chiptalar narxi o‘rtacha 200 dollarni, final uchrashuvi chiptalari esa kamida 2030 dollarni tashkil etadi. Bu esa 2026 yildagi chempionatni tarixdagi eng qimmat madaniy tadbirga aylantirishi mumkin.
Odatda jahon chempionati o‘yinlari uchun chiptalar bozor ko‘tara oladigan narxdan ancha arzon sotib kelingan. Turnir tarixi davomida talab har doim taklifdan yuqori bo‘lib keladi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘proq pul ishlash o‘rniga, FIFA narxlarni oddiy muxlislar sotib oladigan darajada ushlab kelgan va chiptalarni lotereya ko‘rinishida tarqatgan. Tashkilot moliyaviy barqarorligi uchun chipta tushumidan ko‘ra, translatsiya va homiylik huquqlari ancha muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Bu yil esa vaziyat boshqacha. Ilk bor FIFA chiptalar savdosini mahalliy tashkilotchilarga topshirish o‘rniga, bevosita o‘z nazoratiga oldi. Tashkilot “dinamik narxlash” tizimini joriy qildi, ya’ni talab oshgani sari chiptalar narxi ham ko‘tariladi. Shuningdek, rasmiy qayta sotuv platformasi ishga tushirildi va u yerda xaridor ham, sotuvchi ham amalga oshirilgan savdo uchun 15 foizlik komissiya to‘laydi.
Inflatsiyani hisobga olgan taqdirda ham, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan bu galgi Jahon chempionati chiptalari narxi 2022 yil Qatardagi turnirdan ikki baravar, 1994 yilgi AQSh turniriga nisbatan esa qariyb to‘rt baravar qimmatroq.
Final o‘yini uchun ayrim chiptalar qayta sotuv bozorida hatto 2 million dollargacha qimmatlashgan. Besh karra jahon chempioni — Braziliya terma jamoasi muxlislari o‘z futbolchilarining guruh bosqichidagi uchta o‘yinini tomosha qilish uchun qayta sotuv bozorida taxminan 3 800 dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi — bu barcha mamlakatlar ichida eng yuqori ko‘rsatkich. Hatto Jahon chempionatida ilk bor qatnashayotgan Kabo-Verde muxlislari ham qariyb 1000 dollar to‘lashi kerak. Taqqoslash uchun, bu yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finalining kattalar uchun eng arzon chiptasi 200 dollardan taklif etildi.
The Economist’ning qayt etishicha, FIFAning yangi narx siyosati katta tavakkalga o‘xshab ko‘rinyapti. Birinchidan, chiptalar hali to‘liq sotib bo‘lingani yo‘q va mezbon shaharlardagi mehmonxonalar to‘lmagan. Ayrim o‘yinlar uchun qayta sotuvdagi narxlar keyinchalik pasayishi mumkin. Ammo chiptalar arzonlashguncha, ko‘plab muxlislar safarga borish umididan voz kechish ehtimoli bor. Energetika inqirozi sabab aviachiptalar narxi keskin oshib boryapti.
Yuqori narxlar savdo pasayishi oqibatida yuzaga kelgan zararni qoplasa ham, bu FIFAning yanada daromadliroq manbalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. To‘la stadionlar teleekranda o‘yinlarni jozibador qiladigan shovqin va ajoyib atmosferani yaratadi. Xalqaro futbol federatsiyasi o‘tgan yil klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtida ham noqulay holatga tushgandi: tomoshabin kam kelgan o‘yinlarda muxlislar televizion kameralar tomon ko‘chirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boyroq muxlislar sokinroq bo‘lishadi va stadionda hissiyotlarini kamroq namoyon qiladi. Masalan, 2022 yilgi amerikancha futbol ligasi muhiti “korporativ kechki ovqat”ga o‘xshatilgandi.
To‘g‘ri, boylar tobora ko‘proq pullarini qimmatbaho buyumlarga emas, balki “hayotda bir marta bo‘ladigan” jarayonlar uchun sarflashni afzal ko‘ra boshlashgan. Bu FIFA uchun yaxshi yangilikdek tuyuladi. Muammo shundaki, aynan shu boy muxlislarning o‘zi ular izlayotgan o‘sha noyob jarayonning jozibasini kamaytirib yuborishi mumkin.