Sport
Muhammadali O‘rinboyev «Antverpen» safiga o‘tdi
20 yoshli futbolchi Belgiya klubi bilan 4 yillik shartnoma imzoladi.
Foto: «Antverpen» FK matbuot xizmati
Toshkentning «Paxtakor» klubi futbolchisi Muhammadali O‘rinboyev faoliyatini «Antverpen»da davom ettiradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
20 yoshli vinger Belgiya klubi bilan 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Manbalarga ko‘ra, transfer uchun Toshkent klubi hisobiga 750 ming yevro to‘lab berilgan.
Ma’lumot uchun, Muhammadali O‘rinboyev taniqli futbolchi Zabihullo O‘rinboyevning ukasi hisoblanadi.
U muqaddam Angliyaning «Brentford» klubi yoshlar jamoasida ham o‘ynab kelgandi.
O‘rinboyev «Paxtakor» bilan birgalikda uch marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u O‘zbekiston yoshlar jamoasi a’zosi sifatida so‘nggi U-20 Osiyo kubogida 4 ta gol bilan to‘purar bo‘lgandi.
U O‘zbekiston chempionatining joriy mavsumida «Paxtakor» safida jami 14 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
«Antverpen» Belgiyaning 5 karra chempioni hisoblanadi. Jamoa o‘tgan mavsumda beshinchi o‘rin bilan kifoyalangan.