Jamiyat
Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Toshkentda Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishining ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Ochiq sud majlisida – ish materiallariga siyosiy va dinshunoslik ekspertizasi xulosalarini bergan 2 nafar ekspert ko‘rsatma berdi.
Suddan so‘ng yaqinlari bilan xayrlashayotgan Mubashshir Ahmad / Foto: Kun.uz
8 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida o‘tkazilgan majlis 2 soatdan ko‘proq davom etdi. Ochiq sud majlisida o‘nlab fuqarolar ham ishtirok etdi. Bu haqda sud majlisida bevosita qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ish – sudya Bobur Rahimov raisligida, qoralovchi – Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev, shuningdek Abdulloh Sodiqov boshchiligidagi advokatlar ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda.
Ikkinchi sud majlisida Alisher Tursunov tomonidan ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilingan materiallariga tergov organining so‘roviga ko‘ra xulosa bergan ekspertlar qatnashdi. Xususan, “Renessans” universitetining siyosatshunoslik fanlari bo‘yicha professori Odil Musayev materiallar bo‘yicha siyosiy xulosalar bergan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Dinshunoslik ekspertizasi bo‘limi mutaxassisi Shahboz Nizomov esa materiallarni diniy nuqtayi nazardan baholagan.
Ekspertlar va advokatlar jamoasining sud tortishuvidan so‘ng, ikkinchi majlis yakunlandi va sud 15 sentabrga qadar tanaffus e’lon qildi.
Birinchi sud qanday bo‘lgandi?
Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan:
244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.
19 avgust kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Mubashshir Ahmad diniy materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatisiz tarqatganini tasdiqlagan va buni O‘zbekiston hududida bo‘lmagani bilan izohlagandi. U qolgan ikkita modda bo‘yicha ayblovni ham tan olmasligini bildirdi.
Sudya prokurorning iltimosiga asosan majlisni audio va foto-videolarni yozib olish taqiqlagan. Lekin sud jarayoni ochiq o‘tadi – unda OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 51 yoshli Alisher Tursunov ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol. Diniy ulamo O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
U bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. Joriy 8 may kuni Istanbulda qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.