Jamiyat
Moskvada o‘nlab o‘zbek va tojik migrantlari soatlab ushlab turilibdi, Kun.uz TIVga so‘rov jo‘natdi
Rossiyaning Moskva shahri, Danilovskiy tumanida o‘nlab o‘zbek va tojik muhojirlari hech qanday tushuntirishlarsiz soatlab ushlab turilibdi. Kun.uzʼga murojaat yo‘llagan yurtdoshimizning aytishicha, 4 avgust kuni ertalabdan 100 ga yaqin migrantlar yashovchi yotoqxona tintuv qilingan. Maxsus bo‘linma va milliy gvardiya qo‘shinlarining federal xizmati harbiylari taxminan 50 ga yaqin muhojirlarni o‘zi bilan olib ketganicha qo‘yib yubormagan. O‘zbekiston TIVga ko‘ra, ayni paytda vazirlik Rossiyadagi diplomatik korpus bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Kun.uzʼga kelib tushgan video va fotolarda aks etishicha, bir necha o‘nlab muhojirlar tik turgan holatda panjara ortida saqlab turilibdi. Ma’lum bo‘lishicha, Moskva shahri, Danilovskiy tumanida Paveletskaya ko‘chasida joylashgan migrantlar yotoqxonasiga 4 avgust kuni erta tong, taxminan 04:00 lar atrofida harbiylar guruhi bostirib kirib, tintuv o‘tkazgan hamda tekshiruvlar olib borgan. Reyd chog‘ida muhojirlarning ma’lumot va hujjatlari tekshirilgan. 100 dan ortiq migrantlar harbiylarning savol-javobidan o‘tib, ularning yarmidan ko‘pi olib ketilgan.
“Ertalab soat 04:00 lar chamasi birdan bostirib kirishdi, u yer o‘zbeklar va tojiklar yotoqxonasi edi. Yashayotganlarning deyarli hammasi qurilishda ishlovchilar. Yarmidan ko‘pini esa zo‘rlik ishlatib olib ketishdi, oradan bir necha soat o‘tib ketdiki, ularni qo‘yib yuborishgani yo‘q, o‘z ko‘zim bilan uzoqdan kuzatib turibman”, deydi shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishini istagan yurtdoshimiz.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston TIV orqali Rossiyadagi diplomatik korpus vakillariga so‘rov jo‘natdi. Vazirlik rasmiy vakili Ahror Burxonovga ko‘ra, TIV vaziyatdan xabardor va Moskvadagi elchixona, tegishli idoralar bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 11 aprelida Moskvadagi asosan qirg‘izlar bo‘lgan «Bodrost» hammomida kuchli reyd o‘tkazilib, u yerdagilar polda emaklashga majburlangandi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston TIV Rossiya elchisiga nota topshirdi.
Shu yilning 28 yanvar kuni esa Qozon shahridagi Markaziy bozorda Rossiya kuch tuzilmalari reyd o‘tkazib, O‘zbekiston fuqarolariga kuch ishlatgan edi.