Iqtisodiyot

Mobiuz aloqa operatori 351 mln dollarga sotildi

Published

on


AQShning “McKim and Company” kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor “JVR Enterprises LLC” ishtirokidagi konsorsium O‘zbekistondagi Mobiuz aloqa operatorining 100 foiz ulushini 351 mln dollarga sotib oldi. Ular telekommunikatsiya infratuzilmasiga 500 mln dollargacha investitsiya kiritishi ham ko‘zda tutilgan.

“Universal Mobile Systems” MChJ (Mobiuz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, AQShning “McKim and Company” kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor “JVR Enterprises LLC” (DBA – “JVR Capital Group”) ishtirokidagi konsorsium taklifi g‘olib deb topilgan.

Ushbu taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi 351 mln dollarga baholangan. Shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln dollargacha investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

“Mazkur taklifning sotish samaradorligini ko‘rsatuvchi EV/EBITDA multiplikatori 7,4x ni tashkil etib, bitimning yuqori samaradorligini aks ettiradi. Mazkur ko‘rsatkich qiyosiy bitimlar bilan solishtirganda biznesning raqobatbardosh baholanganini kshrsatadi hamda mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymatdan sezilarli darajada yuqoridir”, – deyiladi Davaktiv bayonotida.

Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.

Mobiuz’ni sotish bo‘yicha xalqaro savdo jarayoni 2025 yil iyun oyida boshlangan edi. Rasmiy axborotga ko‘ra, bu jarayonda AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa hamda Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod (aksariyati xorijiy) investor ishtirok etgan.

10 nafar ishtirokchi dastlabki narx taklifini bergan, ulardan faqat 6 tasi majburiyatga ega takliflar bilan chiqqan. 2026 yil yanvariga kelib, hukumat qat’iy taklif bildirgan 6 ta talabgor orasidan eng jozibali deb topilgan 3 tasiga o‘z taklifini yaxshilash uchun 23 yanvargacha muddat berilganini ma’lum qilgandi.

Xususiylashtirish jarayonida Rothschild & Co xalqaro investitsiya banki strategik konsultant, katta to‘rtlikka kiruvchi “KPMG moliyaviy konsultant hamda Deloitte mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version