Jamiyat
Mirobod tumanida ta’mirlanayotgan binoda, Yunusobodda esa ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi
Har ikki yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mirobod tumanida sodir bo‘lgan yong‘in to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 13 iyul kuni soat 18:06 da Mirobod tumani Shayxun ko‘chasida ta’mirlanayotgan bino yonayotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga yetib borgan va yong‘in o‘chirilgan.
«Yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Aytilgan manzilda yong‘in to‘liq o‘chirilgan bo‘lib, hech qanday qayta yonish xavfi mavjud emas», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, bugun poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyda ham yong‘in chiqdi.
Yunusobodning 8-dahasida joylashgan ko‘p qavatli uyning 8-qavatida yong‘in yuz berayotgani to‘g‘risidagi xabar Toshkent shahar FVBga soat 18:35 da kelib tushgan. Yong‘in oradan qariyb 40 daqiqa o‘tgach o‘chirilgan.
Ta’kidlanishicha, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.