Sport
Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi ko‘magida «Yorqin kelajak» parashaxmat turniri bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi hamkorligida 18 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida “Yorqin kelajak” parashaxmat turniri ko‘tarinki ruh, samimiy muhit va katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Shuningdek, turnirda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ishtirokchilar ham faol qatnashdilar. Shuningdek, turnirda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ishtirokchilar ham faol qatnashdilar.
Mazkur musobaqa nafaqat sport tadbiri, balki yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy loyiha sifatida ahamiyat kasb etdi. Qayd etish joiz, ushbu turnir ikkinchi bor tashkil etilmoqda — ilk musobaqa o‘tgan yili o‘tkazilib, keng jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan edi.
Turnir davomida ishtirokchilar o‘rtasida do‘stona muhit shakllanib, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash ruhi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Musobaqa rapid shaxmat formatida, shveysarcha tizim asosida 9 turdan iborat tarzda tashkil etildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida eng kuchli ishtirokchilar aniqlandi.
Musobaqada qariyb 100 nafar yosh shaxmatchi ishtirok etib, ular o‘zlarining yuqori tayyorgarligi, strategik fikrlash qobiliyati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etdilar.
🏆 Musobaqa g‘oliblari:
10 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Faxriddinova Yulduzxon
2-o‘rin — Yaqubjanov Otabek
3-o‘rin — Xayrulin Emilian
14 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Baxtiyorov Xusan
2-o‘rin — Ergashov Nurmuhammad
3-o‘rin — Mahmudov Sunnatillo
18 yoshgacha bo‘lganlar toifasida:
1-o‘rin — Normo‘minov Uralbek
2-o‘rin — Ahmadxonov Abbosxon
3-o‘rin — Turg‘unboyev Sardor
Tadbir nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlarni ruhlantiruvchi, ularning imkoniyatlari cheksiz ekanini namoyon etuvchi muhim ijtimoiy tashabbus sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, u yoshlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undash hamda shaxmat sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
🎁 Barcha ishtirokchilar Mirabror Usmonov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Asosiy g‘olib va sovrindorlarga esa qimmatbaho mukofotlar — monobloklar, televizorlar va planshetlar topshirildi.
🌙 Turnir yakunida barcha ishtirokchilar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi. Bu esa Ramazon oyining fayzu barakasi, mehr-oqibat va birdamlik muhitini yanada mustahkamlab, tadbirga iliq va samimiy kayfiyat bag‘ishladi.