Iqtisodiyot
«Milliy sanoat zanjiri» ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Ohangaronda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Elektron kooperatsiya portali hamkorligida “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazma doirasida tog‘-kon sanoati va metallurgiya yo‘nalishidagi yuqori texnologik mahsulotlar, sanoat startaplari, ilmiy ishlanmalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etildi. Shuningdek, mahalliy kontentni kengaytirish, “shatakka olish” tizimi orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kafolatli xarid shartnomalari va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbir davomida mahalliylashtirishga tayyor mahsulotlar, sanoat ehtiyojlari hamda hali o‘zlashtirilmagan yo‘nalishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Yirik sanoat korxonalari tomonidan import qilinayotgan mahsulotlar va ularni mahalliylashtirish imkoniyatlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Ko‘rgazmada B2B va B2G uchrashuvlari tashkil etilib, tadbirkorlar, yirik sanoat korxonalari, tijorat banklari hamda davlat tashkilotlari o‘rtasida muzokaralar olib borildi. Tijorat banklari tomonidan sanoat loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va takliflar taqdim qilindi.