Jamiyat
Milliy kutubxonada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida sun’iy intellekt asosida kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, axborot resurslarini raqamlashtirish va avtomatik tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga axborot-kutubxona sohasida qator qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.
Jumladan, sun’iy intellekt yordamida kitobxonlar ehtiyojlarini tahlil qilish, tavsiyalar berish hamda axborot izlash jarayonlarini optimallashtiruvchi dasturlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2027 yil 1 avgustga qadar axborot resurslarini raqamlashtirish, avtomatik tanib olish tizimlarini joriy etish, nashrlarni kataloglashtirish va tasniflash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Loyihada foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmatlar sonini oshirish, xalqaro axborot resurslaridan kengroq foydalanish imkoniyatlarini yaratish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, “Ma’rifat markazi” binosining bir qismi kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish uchun Milliy kutubxonaga ajratilishi, shuningdek “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” shaklida “Kitobxonlar xiyoboni” tashkil etilishi mumkin.